AQShdagi prezident saylovlari oldidan Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitingda Barak Obama va reper Eminem chiqish qildi.
Detroyt shahridagi saylovchilar bilan uchrashuvda Eminem chiqish qilib, saylovlardagi ishtirok etishni va Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi. Shundan so‘ng AQShning sobiq prezidenti Barak Obama reperning eng mashhur treklaridan biri “Lose Yourself”dan parcha o‘qidi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 5-noyabrda AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Kamala Harris Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlangan bo‘lsa, Respublikachilar partiyasi Donald Trampni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan.
Saylov yaqinlashgani sari nomzodlar saylovoldi tashviqotini shunchalik faollashtirmoqda. Avvalroq Donald Tramp saylovoldi tashviqoti doirasida Pensilvaniyadagi McDonaldʼs`da 15 daqiqa kartoshka qovurgan va ovqat tayyorlashda yordam bergandi.
Uning tashrifidan so‘ng McDonaldʼs saylanadigan lavozimlarga, shu jumladan, Qo‘shma Shtatlar prezidentligiga nomzodlardan hech qaysi birini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi. Kompaniya Trampning o‘zi restoranga tashrif buyurishni xohlaganini qo‘shimcha qildi. “Biz bunga o‘z qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan yondashdik: hamma uchun ochiqmiz”, — deya tushuntirdi restoran egalari.
Ular, shuningdek, Kamala Harrisni ham o‘z restoranlariga taklif qildi. Bu voqealardan avvalroq Harris talabalik davrida McDonaldʼs`da ishlaganini aytgan va bu muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Yuqoridagi ikki voqea ham ovoz berish natijasi prezidentlik saylovi natijasiga hal qiluvchi ta’sir o‘tkazadigan tebranuvchan shtatlarda, ya’ni Pensilvaniya va Michiganda bo‘ldi.