Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 17-sentabr kuni qabul qilingan.

Qonun bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili prezidentga, Oliy Majlis palatalariga va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim etishi belgilanmoqda.

Qonun bilan ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilmoqda.

Shuningdek, ombudsman va uning o‘rinbosari vakolatlari, daxlsizligining qo‘shimcha kafolatlari ham joriy etilib, ularga yuklatilgan vazifalarning muammosiz va samarali bajarilishi qonunda mustahkamlanmoqda.

Qonunda saylanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ombudsman lavozimiga saylanishi mumkinligini nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, ombudsman lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim (yuksak axloqiy sifatlarga, oliy ma’lumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lish) talablar bekor qilinmoqda. Bunda ushbu mezonlarni amaliyotda aniqlash turli tushunmovchilikka olib kelishi inobatga olingan.

Davlat organlari va tashkilotlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida, shu jumladan Oliy sud Plenumi majlislarida ishtirok etish huquqi ham berilmoqda.

Shuningdek, Qonunda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi” tushunchasi kiritilib, unga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning murojaat qilishning huquqiy mexanizmi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, prezidentga yuborildi.