Prezident huzuridagi Statistika agentligi “O‘zbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar tashkil etiladi. Респuблика komissiyasiga bosh vazir Abdulla Aripov raislik qiladi.

O‘zbekistonda 2026-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonlarining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshirish;
  • aholini ro‘yxatga olish natijalarining tahlilini o‘tkazish;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, aholini ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqish;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish;
  • xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib esa quyidagilar belgiladi:

  • hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va mas’ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda tashkil etish;
  • hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ hududiy bo‘linmalarini va bu jarayonlarga jalb qilingan boshqa tashkilotlarni moddiy-texnik ta’minlanganligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilish;
  • hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni rag‘batlantirish.

Statistika agentligi:

  • aholini ro‘yxatga olishni planshet qurilmalari yordamida o‘tkazish uchun 2024−2026-yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni Jahon bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda xarid qilish ishlarini tashkil etadi;
  • aholini ro‘yxatga olishda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni hamda shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishini va respondentlardan olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimliklari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi 2025-yil 1-iyulga qadar aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazilishini ta’minlashi kerak.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2025-yil 1-sentabrga qadar hududlarning ma’muriy-hududiy birliklari chegaralarining o‘zgarishi, toponimik obyektlarga nom berilishi va ularning nomlari o‘zgarishi bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni hududiy statistika organlariga o‘z vaqtida taqdim etib borilishini ta’minlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining yangilangan sxematik rejalari va xaritalari) bilan to‘liq ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga 2025-yil 1-sentabrdan 2026-yil 1-sentabrga qadar respublika bo‘ylab ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini o‘zgartirish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish tavsiya etiladi.

Qonun loyihasi muhokamasi 6-noyabrga qadar davom etadi.

O‘zbekistonda 34 yildan buyon aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Pandemiya sababli u 2022-yildan 2023-yil noyabriga ko‘chirilgandi. Statistika agentligi aholi ro‘yxatini o‘tkazish uchun oldindan 800 mlrd so‘m talab etilishini ma’lum qilgandi.

Avvalroq “Gazeta.uz” aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerakligi, bu mamlakatlarga qanday foyda keltirishi va uzoq muddat kechiktirish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida yozgandi.