Oliy Majlis Senati 23-oktabrdagi yig‘ilishida yer qonunchiligida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Tushuntirish xatida ushbu toifadagi jinoyatlar uchun jazo yengil ekani, shuning uchun ham ularning soni yil sayin ortib borayotgani qayd etilgan.

Xususan, tahlillarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 229−1-moddasi (Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish) bilan 2021-yilda 51 ta, 2022-yilda 253 ta, 2023-yilda esa 625 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sug‘oriladigan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ularda qurilish ishlarini olib borish uchun javobgarlik belgilangan. Shu bilan birga, sug‘oriladigan yerlardan ijara huquqi asosida foydalanuvchi tomonidan qurilish holatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi (Yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish) bilan kvalifikatsiya qilinadi.

Biroq ikkala holatda ham sug‘oriladigan yer qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketadi.

Jinoyat kodeksining 229−4-moddasi (Yer berish tartibini buzish) bilan 2020-yilda 2 ta, 2021-yilda 42 ta, 2022-yilda 92 ta, 2023-yilda 49 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, ushbu turdagi jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etiladi. Masalan, yer auksion talablariga zid ravishda tuman hokimining qarori asosida ajratilganda dalolatnoma bevosita yer komissiyasi a’zolari tomonidan imzolanadi.

Tushuntirish xatida qayd etilishicha, bugungi kunda AQShda kishi boshiga qishloq xo‘jaligi foydalanuvidagi yer maydoni 0,60 gektar, G‘arbiy Yevropada 0,25 gektar, Osiyoda 0,13 gektar, Janubiy Amerikada 0,35 gektar va Afrikada 0,22 gektarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa bir kishiga 0,06 gektar haydaladigan yer to‘g‘ri keladi.

Xitoyda Jinoyat kodeksining 342-moddasida ekin maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, yerdan ruxsatsiz foydalanganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va qo‘shimcha jazo sifatida jarima ko‘zda tutilgan.

“Yer resurslari qayta tiklanmaydi. Odatda fuqaro yerni bir marta egallab, bir marta quradi va ikkinchi marta jinoyat sodir etadi. Qurilishdan so‘ng bu qoidabuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va yerni asl holiga keltirish davlat va jamiyat uchun qimmatga tushadi”, — deyiladi qonun asoslovida.

Bundan tashqari, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari 10 baravar oshgan: 2021-yilda — 629 ta, 2022-yilda — 3629 ta, 2023-yilda — 6232 ta. Yerlarda o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish bo‘yicha 2022-yilda 311 ta huquqbuzarlik qayd etilgan, 2022-yilda — 2403 ta, 2023-yilda — 6046 ta.

Shu munosabat bilan endilikda Jinoyat kodeksining 229−1-moddasi 1-qismi (Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa) BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yilgacha (hozir — 1 yilgacha) ozodlikdan cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (hozir — 1 yilgacha) bilan jazolanadi.

Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish (JKning 229−1-moddasi 2-qismi) BHMning 450 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (hozir — 2 yildan 3 yilgacha).

Shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan yer berish tartibini buzish (ЖКнинг 229−4-moddasi 1-qismi) BHMning 150 dan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqlardan mahrum qilgan holda 1 yildan 5 yilgacha (hozir — 3 yilgacha) ozodlikdan cheklash yoki 5 yilgacha (hozir — 3 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ikkinchi qism yangi “v” bandi bilan to‘ldirildi (xuddi shu harakat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa), u BHMning 300 dan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilish orqali (3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash bundan mustasno) 5 yildan 7 yilgacha (hozir — 3 yildan 5 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish (MTJKning 60-moddasi) fuqarolarga BHMning 30 (hozir — 25) baravari miqdorida jarima solishni nazarda tutadi, mansabdor shaxslar uchun esa — 70 (50) baravar.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish (MTJKning 60-moddasi 2-qismi) fuqarolarga BHMning 200 baravari, mansabdorlarga esa 400 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (hozir — 150 va 300 BHM) .

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun endi ruxsatsiz egallash jinoyatlarini tergov qilish prokuratura vakolatiga kirishini ham nazarda tutadi. Sudlar bunday ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqadi.