Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonunda telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi regulyator va ushbu bozorni rivojlantirish siyosatini olib boruvchi davlat organlarining vazifalari belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, Jahon savdo tashkilotiga kirish va a’zolik shartlariga muvofiq, telekommunikatsiya bozorida regulyatorlar (tartibga soluvchi organ) har qanday asosiy telekommunikatsiya xizmatlarini yetkazib beruvchilardan mustaqil bo‘lib, uning qarorlari barcha ishtirokchilar uchun teng va majburiy bo‘lishi belgilab berilmoqda.

Jumladan, ushbu sohani tartibga solishga mas’ul bo‘lgan, shuningdek, moliyaviy, tuzilmaviy va qaror qabul qilishda mustaqil yuridik shaxslar tartibga soluvchi organ (regulyator) sifatida faoliyat yuritishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun bilan tartibga soluvchi organga quyidagi vakolotlar berilmoqda:

  • yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish;
  • tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatda telekommunikatsiya infratuzilmalarini belgilangan tartibda cheklash yoki to‘xtatib turish;
  • telekommunikatsiyalar tarmoqlarini va telekommunikatsiyalar inshootlarini qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasini o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish;
  • telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqish va rejasini amalga oshirib foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
  • Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining manzil maydonidan foydalanish tartibini ishlab chiqish
    va tasdiqlash;
  • ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiyalar xizmatlarining me’yorlarga muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish kabi vakolatlar shular jumlasidan.

Shuningdek, tartibga soluvchi organning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, prezidentga yuborildi.