Yangilandi. Turkiyaning TUSAŞ aerokosmik korporatsiyasi binosi yaqinida sodir bo‘lgan terakt oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 22 kishi yaralandi, deya xabar berdi mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerlikaya. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki terrorchi — ayol va erkak o‘ldirilgan. Ularning shaxsi hozircha aniqlanmagan.
Turkiyadagi Turkish Aerospace (TUSAŞ — Turkiya aviatsiya va kosmik sanoati) obyektida terakt sodir bo‘ldi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap Anqaradagi Kahramankazan tumanidagi obyekt haqida ketmoqda.
A Haber nashrining yozishicha, TUSAŞ binosi yaqinida portlashlar va otishmalar ovozi eshitilgan. Voqea joyiga huquq-tartibot idoralari xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar yetib borgan.
Keyinroq Ali Yerlikaya terakt oqibatida 3 kishi halok bo‘lgani, yana 14 kishi yaralangani haqida ma’lumot berdi. Ikki hujumchi voqea joyida halok bo‘lgan. CNN Türk xabariga ko‘ra, hujumda jami uch kishi ishtirok etgan, ular orasida ayol kishi ham bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, kompaniya shtab-kvartirasidagi teraktni xudkush terrorchi amalga oshirgan va xodimlarga ish joylarini tark etish taqiqlangan. Euronews nashri suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, otishma binoga kiraverishda sodir bo‘lgan.
Anqara Bosh prokuraturasi terakt bo‘yicha tergov boshlagan.