23-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Qozon shahriga tashrifi doirasida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, sanoat, energetika, farmatsevtika, transport kommunikatsiyalari bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi.
Joriy yilda hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rta muddatli dastur qabul qilishga kelishib olindi.
Mamlakatlarda madaniyat va kino kunlarini, tibbiyot va sport sohalarida hamda yoshlar ishtirokida, shu jumladan, yoshlarning parlament tashkilotlari doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish taklifi bildirildi.
Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish hamda BRIKS sammitining protokol tadbirlarida ishtirok etish uchun Rossiyaning Qozon shahriga tashrif buyurgan. 24-oktabr kuni “BRIKS plyus” formatidagi sammitning asosiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.