Samarqandda o‘tkazilgan “Qozog‘iston — O‘zbekiston” to‘rtinchi Hududlararo hamkorlik forumi va biznes-forum doirasida umumiy qiymati 352 million dollardan ortiq 76 hujjat imzolandi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.
Hududlararo forumda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston hukumati rahbari Oljas Bektenov ishtirok etib, sanoat kooperatsiyasi, suv-energetika, tranzit-transport, gaz sanoatidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Yilning sakkiz oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etdi. Oljas Bektenov savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro sarmoya kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston barcha sohalarda hamkorlikda ishlash uchun keng istiqbolga ega. Bunga, birinchi navbatda, davlat rahbarlari Qosim-Jomart Kemelevich Toqayev va Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ishonchli siyosiy muloqoti yordam berdi. Ostonadagi biznes forumi doirasida imzolangan qiymati 7 milliard dollarlik sarmoyaviy va tijoriy shartnomalar katta hissa qo‘shadi. Ishonchim komilki, bugungi uchrashuv yangi yutuq loyihalarni amalga oshirishning boshlanishi bo‘lib, butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga ulkan hissa qo‘shadi”, — dedi u.
Qozog‘iston qo‘shimcha qiymatga ega 40 turdagi qozoq tovarlari bo‘yicha O‘zbekistonga eksport yetkazib berish hajmini 550 million dollardan oshirishga tayyorligini bildirdi.
Abdulla Aripov bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish ekanini ta’kidladi.
“So‘nggi 7 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2,5 barobar oshib, o‘tgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1000 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Chegarabo‘yi viloyatlar bir-biri bilan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati bilan, Toshkent shahri Turkiston viloyati bilan, Navoiy viloyati Qizilro‘rda viloyati bilan bevosita va yaqin aloqalar o‘rnatgan. Boshqa hududlarimizda ham aloqalar izchil mustahkamlanib, savdo va sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Shu bilan birga, hali foydalanilmagan ulkan salohiyat ham bor”, — dedi hukumat rahbari.
Forum davomida investitsiya hajmi 3,4 milliard dollar bo‘lgan 74 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish va 14,6 ming ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qozog‘istonda 65 ta korxona ochish hisobiga 13,6 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ushbu mamlakatda 9 ta, O‘zbekistonda yana 3 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilgan. Bu jami 4800 ta ish o‘rni yaratdi.
Qozog‘iston-O‘zbekiston sanoat hamkorligiga Qo‘stanayda Chevrolet Onix avtomobillarini kichik hajmda ishlab chiqarish, Saranda maishiy texnika ishlab chiqarish zavodi, Chimkent va Turkiston viloyatida tikuv va yigiruv fabrikalari, Angren shahrida avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqarish va boshqalar misol bo‘la oladi.
Sirdaryoda “yagona darcha” xizmatlari ko‘rsatiladigan “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazining tashkil etilishi hukumatlarning birgalikdagi faoliyatiga yangi turtki berishi kutilmoqda. U yerda, shuningdek, soliq, bojxona imtiyozlari va tadbirkorlar uchun preferensiyalar ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, transport-logistika salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston savdo aylanmasining 50 foizdan ortig‘i tranzit yo‘li bilan Qozog‘iston hududi orqali o‘tadi. Turli transport turlari bo‘yicha 18 yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etilgani aloqalarni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Ikki forum doirasida umumiy qiymati 352 million dollardan ortiq 76 hujjat imzolandi. Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasi shular jumlasidan. Hujjat energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliyev o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi. “Bularning barchasi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning butun mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan”, — dedi Shakkaliyev.
Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay O‘zbekiston bilan chegara yaqinida bojsiz savdo zonasi tashkil etishni taklif qildi. U Qozog‘istonning Xitoy bilan chegarasida joylashgan “Xorgos” majmuasi modelida ishlaydi, deya qo‘shimcha qildi amaldor.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hududning ochilishi Mang‘istau viloyatining O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 4 barobar oshiradi.
Forumda O‘zbekistonga kungaboqar yog‘i yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 12 million dollarlik shartnomalar ham imzolandi. Jumladan, OskemenAgroProdukt korxonasi O‘zbekistonning Texno Servis Sam kompaniyasi bilan 2 million dollarlik, Altyn Shyghys kompaniyasi Pet Agro Oil kompaniyasi bilan 10 million dollarlik shartnoma imzoladi.