2025-yilda ko‘chat ekish bo‘yicha “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Bundan tashqari, investitsiya dasturi endi daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasalliklardan saqlash va sug‘orish xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Nizomiddin Bakirov sug‘orish bo‘yicha ikki xil tajriba o‘tkazishi kerak. Jumladan, 27 ta tumanda bittadan quduq qazishga ruxsat beriladi. G‘allaorol tumanidagi tog‘larda qor-yomg‘ir suvini yig‘uvchi 10 ta geo-membrana o‘rnatilib, daraxtlarni sug‘orish tizimi yaratiladi.
Bahorda 14 ta tumanda 500 gektar maydonda tog‘ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida daraxt ekish boshlanadi.
Prezident viloyat hokimliklariga “Mening bog‘im” loyihasi doirasida yashil bog‘ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun 0,5 gektardan yer ajratish topshirig‘ini berdi. Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq budjet” portaliga qo‘yilib, daraxt turlari bo‘yicha tavsiya va ularning narxi ko‘rsatiladi. Bunda parvarishlashda mas’uliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Hokimlarga barcha obodonlashtirish bo‘limlarini 20 tadan sug‘orish mini-texnikasi bilan ta’minlash topshirildi.
Prezident so‘nggi paytlarda mamlakatda chang bo‘ronlari tez-tez kuzatilayotganini ta’kidladi. Bunga global iqlim o‘zgarishi bilan birga noqonuniy daraxt kesilishi, suv kamayishi, tartibsiz chorva boqilishi oqibatida cho‘l yaylovlari degradatsiyaga uchrayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Cho‘llardagi o‘simliklar turlari ham keskin kamaygan.
Davlat rahbari aholi ko‘payib borayotgan sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha eng katta zaxira — yaylovlar ekaniga e’tibor qaratdi.
Shu bois 16 million gektar yaylov yerlari boshqaruvini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qo‘mitaga yil yakunigacha cho‘llarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab 50 million dollar grant mablag‘lari jalb etiladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Buxoro va Navoiyda 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi cho‘l o‘simliklari qoplamasi yo‘qolib ketganini aniqladi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, ushbu 2 ta viloyatning cho‘l va yarim cho‘l hududlarida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
“O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda cho‘llarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratiladi.
Bundan tashqari, O‘rmon xo‘jaligi agentligining bu boradagi mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan. Endilikda agentlik cho‘llanishga qarshi kurashish bilan ham jiddiy shug‘ullanadi, hokimliklar qoshidagi “Yo‘l ko‘kalam” tashkilotlari agentlik tizimiga o‘tadi.
Agentlikka har bir hudud iqlimiga mos 100 milliondan ziyod nihol va ko‘chatlarni oddiy usulda mahalliylashtirish hamda yetishtirish xarajatini 20 foizgacha kamaytirish topshirildi.
Agentlik zimmasiga Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan o‘simliklarni yetishtirishni tashkil qilish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda prezident sug‘orish tizimi bo‘lmagan yerlarga milliondan ortiq daraxt ekilgani yoki “Yashil makon” loyihasi doirasida hisobotlarga kiritilganini aytdi. “Nega Bosh prokuror o‘rinbosari jim o‘tiribdi? 75 nafar xodim nima qilyapti? Nazorat qani?”, — deb so‘radi davlat rahbari.
Shuningdek, “Mahalla yettiligi” “Yashil makon” loyihasi doirasida har bir mahalladagi kam ta’minlangan oilalar va yolg‘iz keksalarga mevali daraxt ko‘chatlari tarqatadi. Maktab, oliygoh, shifoxonalar, yo‘l bo‘ylari va boshqa joylarda ham ko‘chatlar ekilishi rejalashtirilgan.