Bosh prokuratura atmosfera havosining sifati yomonligi haqidagi xabarlar ko‘payib borayotgan bir paytda atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan I va II toifali sanoat korxonalari uchun chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha 2024-yilga rejalashtirilgan ishlar kechikayotganini ma’lum qildi.
Xususan, Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi 27 ta korxonadan faqat 19 tasida, Toshkent shahridagi 31 ta korxonadan esa faqat 8 tasida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan.
“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tekshirishlar Ekologiya, Sog‘liqni saqlash, Transport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda bevosita Bosh prokuratura tomonidan joriy yilning 22-oktabr kunidan boshlab amalga oshirila boshlandi”, — deyiladi xabarda.
Bosh prokuratura tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari alohida nazoratga olinishi hamda ular bo‘yicha keskin va murosasiz choralar ko‘rib borilishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga nafaqat quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar, balki iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport chiqindilari hajmining ortishi, moratoriyga qaramay daraxtlarning noqonuniy kesilishi, shuningdek, bosh rejalar tasdiqlanmasdan amalga oshirilayotgan faol qurilishlar ham ta’sir qilayotganini qayd etdi.
Ushbu omillarni hisobga olgan holda, prokuratura organlari sentabr oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab rejali tekshiruvlarni boshlagan. Asosiy e’tibor “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun va atmosferaga zararli moddalar chiqindilarini kamaytirish hamda havo holatini yaxshilashga qaratilgan boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosiga qaratilmoqda.