Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni Tatariston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu davlat mukofotini O‘zbekiston rahbariga Tatariston raisi Rustam Minnixanov tantanali ravishda topshirgan.

Prezident O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofotlangan.

Mamlakat yetakchisi Tatariston rahbariga mukofot uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Tatariston xalqiga ezgu tilaklarini bildirdi, deyiladi xabarda.

Qozon shahriga tashrifning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an, XXR Raisi Si Szinpin va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan, shuningdek, BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef hamda Rossiya “Sberbank” prezidenti va boshqaruvi raisi German Gref German Gref bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

BRIKS to‘qqizta davlat: Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr va Efiopiya birlashmasidir. U 2006-yil iyun oyida tashkil etilgan.