Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “BRIKS plyus” formatidagi sammitda nutq so‘zladi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

“Afsuski, bugungi kunda dunyo jadal bo‘linib bormoqda. Insonlarga ulkan azob-uqubatlar, og‘ir iztirob va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortmoqda. Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda”, — deya ta’kidladi davlat rahbari nutqi avvalida.

Bunday sharoitda, dedi u, teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga hurmat va o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lish huquqi kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.

Prezident matbuot xizmatiPrezident matbuot xizmati

“O‘zaro aloqalarning bunday modeli BMTning markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘lishi mumkinligiga ishonamiz” — dedi davlat rahbari.

“Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlarni qo‘llab-quvvatlayman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub-Janub” va “Shimol-Janub” formatlaridagi mas’uliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti kelganini ta’kidladi.

Prezident Rossiyaning BRIKSga samarali raisligi davrida O‘zbekiston ushbu tuzilmaning Yoshlar sammiti va Sport o‘yinlarida, yuridik va parlament forumlarida, xavfsizlik sohasidagi yuqori darajadagi uchrashuvda va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etganini eslatib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmatiPrezident matbuot xizmati

“Biz bundan buyon ham BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatidamiz. Ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanamiz”, — dedi davlat rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yo‘l bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligiga qo‘shiladi.

“Bu o‘rinda gap, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘tkir ijtimoiy va ekologik tahdidlarni hal etish, kambag‘allik darajasini kamaytirish, texnologik tafovutlarni qisqartirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturlarini faol qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bunda ko‘p tomonlama moliya institutlari muhim o‘rin tutishi mumkin va shart. O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan”, — dedi prezident.

Shuningdek, u innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

“BRIKS sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining sohadagi ehtimoliy xavflarning oldini olish va boshqaruvning yagona standartlarini ishlab chiqishga oid hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarida ishtirok etishni mo‘ljallamoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, O‘zbekiston BRIKSning BMTning Sanoatning rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (YUNIDO) huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.

“BRIKSdagi sheriklarimiz bilan birgalikda transport sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish, yangi transkontinental yo‘laklarni yaratish, yetkazib berishning ishonchli logistika zanjirlarini shakllantirish, kabotaj tashuvlar tizimini rivojlantirish borasida yaqindan ish olib borish niyatidamiz. Shuningdek, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash masalalari ham bizning e’tiborimiz markazida bo‘ladi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shuningdek, u tashkilot doirasida ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatladi va barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Prezident nutqining yakunida BRIKS makonidagi sheriklikning ustuvor yo‘nalishi — xalqaro terrorizm bilan bog‘liq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmatiPrezident matbuot xizmati

“Radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro O‘zbekistonni ham tashvishga solayotganini ta’kidladi. “Bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib bormoqda”, — dedi prezident.

“Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi. Bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi — “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolayotganini qo‘shimcha qildi.

“Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida gapirganda, Afg‘oniston muammosini chetlab o‘tish mumkin emas. Bizning umumiy vazifamiz — ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatishdir”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.