O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarolarini bir kun avval Anqaradagi teraktdan so‘ng Turkiyada joriy qilingan ehtiyot va xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.
O‘zbekistonliklardan jamoat joylarida, ayniqsa, aeroportlar, vokzallar, avtovokzallar, kema stansiyalari, metro va boshqa jamoat transportlarida hushyorlikni oshirish so‘raldi.
Turkiyadan chiqib ketayotganlardan ro‘yxatdan o‘tish boshlanishidan kamida bir soat oldin aeroportlarga yetib kelish tavsiya etildi. Shubhali buyum yoki shaxslar to‘g‘risida yaqin oradagi politsiya yoki xavfsizlikni ta’minlash bo‘limlariga (Özel güvenlik) murojaat qilish lozim.
23-oktabr kuni Anqaradagi Turkish Aerospace shtab-kvartirasiga uyushtirilgan hujumda 5 kishi halok bo‘ldi, 22 kishi yaralandi. Hujum qilganlardan ikki nafari yo‘q qilindi. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya hujumga katta ehtimol bilan mamlakatda taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) aloqadorligini aytdi. 24-oktabr kuni Turkiya harbiylari Iroq va Suriyadagi KIPga aloqador marralarga havo zarbalari berdi.