O‘zbekistonda har yili qishloq xo‘jaligida suvning 37−38 foizi, ya’ni 18 milliard kub metrga yaqini tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolmoqda. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Temur Butunboyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning qayd etishicha, hozirda mamlakatda yirik magistral kanallar salkam 30 ming kilometr (shundan, 11 ming kilometr qismi beton qoplamali), fermerlar va dehqonlar foydalanadigan quyi bo‘g‘indagi kanallar uzunligi esa 135 ming kilometrni (40 ming kilometr qismi beton qoplamali) tashkil etadi.

kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil, magistral kanallar, suv xo‘jaligi

Timur Butunbayev / Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati

“Shu paytgacha yiliga yirik kanallarning 250−300 kilometr qismi betonlashtirilar edi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil „kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil“ deb e’lon qilingach, joriy yilda 1 ming kilometr magistral kanallarni betonlashni maqsad qilganmiz. Mazkur ishlar uchun davlat budjetidan 500 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, 200 mln dollar qo‘shimcha xorijiy investitsiyalar hisobidan ham moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Bu borada katta ish qilinyapti, o‘zimiz ham betonlashtirishni tezlashtirish bo‘yicha ma’lum bir darajada tajribamizni orttiryapmiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Butunboyevning so‘zlariga ko‘ra, kanallarni betonlash jarayoni sug‘orish mavsumida amalga oshirilmaydi, chunki bu davrda kanallarda suv oqadi. “1-aprelgacha 550 kilometr masofani betonlab bo‘ldik. 1-oktabrdan yana jarayon davom etmoqda, yil yakunigacha buni 1 ming kilometrga yetkazish reja qilingan”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2023-yil noyabr oyida o‘tkazgan yig‘ilishda bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidlab, bunda birinchi muhim vazifa kanal va ariqlarni betonlash bo‘lishini qayd etgandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng ko‘p suv yo‘qotishlari Qoraqalpog‘iston, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv ta’minoti juda og‘ir ekani qayd etilgan.