Toshkent shahrida drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov tomonidan 22-oktabr kuni imzolangan qarorda keltirib o‘tilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘lar yog‘ingarchilik davrida suv toshqini xavfini kamaytirish maqsadida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga ajratiladi.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar boshqarmasi ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatishi belgilangan. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Xaydarov zimmasiga yuklangan.
Qarorda keltirilishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan 2024-yilda poytaxt drenaj tizimini yaxshilash uchun 20 milliard 400 million so‘m yo‘naltirilishi belgilangan. Hokimlik axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 6 milliard so‘m aynan shu belgilangan miqdor hisobidan ajratilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkentda yog‘ingarchilik muntazam ravishda toshqinga olib keladi. Shahar hokimiyati ko‘p yillardan beri drenaj tizimini ta’mirlash haqida gapirib kelmoqda. 2014-yil may oyidagi kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng 2015-yil fevral oyida hukumat qarori bilan shaharda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda yerosti va yerusti suv oqimlarining barqaror ishlashini ta’minlash konsepsiyasi tasdiqlangandi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 21-oktabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasiga doir yig‘ilishda Toshkent shahridagi drenaj tizimini tanqid qilgandi. Davlat rahbari drenaj tizimi ishiga qat’iy e’tiroz bildirdi va yaqinda yuz bergan kuchli yomg‘ir “haqiqiy ahvolni ko‘rsatganini” qayd etgan.
Uning ta’kidlashicha, drenajni to‘g‘rilashning o‘zi yetarli emas, suvni havzalarda to‘plash tizimini yaratish va daraxtlarni sug‘orishga ishlatish maqsadga muvofiq. Yig‘ilishda poytaxtdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni tepasida turib o‘zi hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgandi.