FIFA 24-oktabr kuni o‘zining terma jamoalar bo‘yicha reytingini yangiladi. Unga ko‘ra O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2 pog‘onaga yuqorilab, 1429,26 ochko bilan 58-o‘rinda qayd etildi.
Milliy terma jamoa Osiyoda Yaponiya (15-o‘rin, umumiy reytingda 1 pog‘onaga yuqoriladi), Eron (19, o‘zgarishsiz), Janubiy Koreya (22, +1), Avstraliya (24, +1), Qatar (46, -2) va Iroqdan (56, -1) keyin 7-o‘rinda bormoqda.
O‘zbekiston 19-sentabrdan 24-oktabrgacha 16,2 ochko jamg‘argan. Bu davrda o‘zbekistonlik futbolchilar Jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasida o‘z uyida Eron bilan durang o‘ynadi (0:0) va BAAni mag‘lub etdi (1:0).
Reytingni Argentina, Fransiya va Ispaniya terma jamoalari boshqarib bormoqda. Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, Angliya, Braziliya, Belgiya, Portugaliya, Niderlandiya, Italiya va Kolumbiya joy olgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingidagi eng yuqori natijasi 45-o‘rin bo‘lgan. U bu o‘rinda 2006-yil 22-noyabrdan to 2007-yilning 14-fevralgacha bo‘lgan. Eng past natijasi esa 1996-yil noyabr oyida qayd etilgan — 119-o‘rin.