Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” — “Bunyodkor” uchrashuvi davomida ichki ishlar organlari xodimlari va Professional futbol ligasi rasmiyi o‘rtasida kelishmovchilik yuz berdi.

PFL matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bahsli vaziyat oqibatida, tuman IIB boshlig‘ining og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra, Superliga o‘yinida faoliyat olib borayotgan VAR mashinasi hamda stadion hududidagi uchrashuv rasmiylariga qarashli avtomashinalarni majburiy ravishda stadion avtoturargohidan olib chiqish uchun evakuator jalb etilgan.

Shundan keyin liga komissari Qudrat Madrayimov bunday holatda uchrashuvni davom ettirib bo‘lmasligini, mashinalar maxsus ro‘yxat bo‘yicha kiritilganini tushuntirishga uringan vaqtida uning telefoni olib qo‘yilgan. Shuningdek, komissar go‘yoki ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmagani ro‘kach qilinib, stadiondan olib chiqilgan. Hakamlar o‘yinni davom ettirishdan bosh tortib, bu haqda jamoalarni ogohlantirgan.

Championat.asia ma’lumotlariga ko‘ra, komissar mashinaga o‘tkazilib, bo‘linmaga olib ketilgan. Assotsiatsiya hamda liga rahbariyatining murojaatlaridan so‘ng u stadionga qaytarilgan. O‘yinning ikkinchi bo‘limi 32 daqiqa kech boshlangan.

PFL komissar bildirgisi asosida mazkur ishni o‘rganib chiqishini ma’lum qildi. Shuningdek, Do‘stlik stadioni, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” klubi rasmiylari ham bu borada o‘z pozitsiyasini taqdim etadi.

“Shundan so‘ng liga ichki ishlar organi xodimlariga huquqiy baho berilishini so‘rab yuqori turuvchi tashkilotga murojaat kiritadi”, — deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati IIBBning munosabat bildirishicha, holat to‘liq nazoratga olingan. Jarayonda xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, qo‘shimcha o‘rganilmoqda.

Tashkilot aybdorlik darajasidan kelib chiqib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy ta’sir choralari ko‘rilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun xodimlar o‘rtasida “ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlash” yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakaviy o‘quv rejalari joriy qilinadi.