Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Majlisda qayd etilishicha, qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirishda kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda qasddan daraxtlarni quritish holatlari uchramoqda. Suv havzalarida turli noqonuniy usullar yordamida, xususan, elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlarni qo‘llagan holda baliq ovlash ortib bormoqda.
Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha (150 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha) jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Og‘irlashtiruvchi holatlarda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.
Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obyektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha (13 mln 125 ming so‘mdan 18 mln 750 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.
Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanmoqda.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va imzolash uchun prezidentga yuborildi.