Qozon shahrida 22−24-oktabr kunlari o‘tayotgan BRIKS birlashmasi davlatlarining XVI sammiti doirasida Qozon deklaratsiyasi qabul qilindi.
BRIKS birlashmasi 2006-yilda tashkil etilgan. Hozirda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr va Efiopiya uning a’zolaridir.
Deklaratsiya — sammitning asosiy hujjati
Hujjat 40 sahifadan ortiq va 134 banddan iborat. Qozon deklaratsiyasidagi asosiy jihatlar:
- BRIKS mamlakatlari ko‘p qutbli dunyo tuzilishi tarafdori.
- Noqonuniy sanksiyalar va boshqa bir tomonlama noqonuniy choralar jahon iqtisodiyotiga, xalqaro savdoga va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. BRIKS mamlakatlari bu bosim vositasiga qat’iyan qarshi.
- BRIKS mamlakatlari kosmosda qurollanish poygasining oldini olish tarafdori, kosmosda xavfsizlik bo‘yicha hujjat ishlab chiqish kerak, deb hisoblaydi.
- Davlatlar Yaqin Sharqda yadro qurolini yoymaslik va yadro qurolidan xoli hudud tartibini mustahkamlashga chaqirmoqda.
- Mamlakatlar dunyoning turli mintaqalarida zo‘ravonlikning kuchayishi va qurolli mojarolarning davom etayotganidan xavotirda va nizolarni diplomatiya, vositachilik, har tomonlama muloqot va maslahatlashuvlar orqali tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiq.
- BRIKS a’zolari Yaqin Sharqda mojaro kuchayib borayotganidan xavotirda va G‘azodagi o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, barcha garovga olinganlarni oldindan hech qanday shartlarsiz ozod qilish tarafdori hamda Isroilning Falastindagi gumanitar punktlar va infratuzilma obyektlariga qarshi hujumlarini qoralaydi. Shuningdek, 1967-yilgi chegaralardagi Falastin davlatining BMTga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi.
- BRIKS mamlakatlari Eron bilan yadroviy bitimni qayta tiklash zarur deb hisoblaydi.
- Deklaratsiyada Ukrainadagi vaziyatga nisbatan milliy pozitsiyalar eslatib o‘tilgan hamda “muloqot va diplomatiya orqali mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni ta’minlashga qaratilgan vositachilik bo‘yicha takliflar” qayd etilgan.
“BRIKS YAIM o‘sishi bo‘yicha “Katta yettilik”dan o‘zib ketishga tayyorlanmoqda”
Vladimir Putin kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishda BRIKS mamlakatlarining “Katta yettilik”dan iqtisodiy ustunligini e’lon qilib, bu bo‘yicha statistik ma’lumotlar keltirdi.
“2024-yil yakunlariga ko‘ra, BRIKS mamlakatlarining xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha ulushi 36,7 foizni tashkil etadi, bu „yettilik“ mamlakatlari ulushidan sezilarli darajada yuqori, ularning ulushi 30 foizni tashkil etadi. 30% 2023-yil yakunlari bo‘yicha edi, 2024-yilda biroz yuqori bo‘ladi”, — dedi Putin.
Putin dollarni “boshqa odamlar” foydalanadigan qurol deb atadi
Rossiya prezidentining fikricha, dollardan siyosiy maqsadlarga erishish vositasi sifatida foydalanish shunday yo‘l tutganlar uchun xatodir.
“Dollar qurol sifatida ishlatiladi. Ha, biz buni ko‘rib turibmiz. O‘ylaymanki, bu shunday qilganlarning katta xatosi, chunki dollardan foydalanish — u hali ham jahon moliyasidagi eng muhim vosita — siyosiy maqsadlarga erishish vositasi sifatida ushbu valyutaga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi va uning imkoniyatlarini kamaytiradi,” — dedi Putin.
Qozonda bo‘lib o‘tayotgan BRIKS sammiti chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga BRIKSning ramziy banknotasi sovg‘a qilindi.
Foto: brics-russia2024.ru
Rossiya emas, “boshqa odamlar” shunday qilmoqda, deya ta’kidladi u. “Ushbu vaziyatda Rossiya muqobil variantlarni izlashga majbur. Biz dollar bilan kurashayotganimiz yo‘q”, — deb ta’kidladi Putin.
Shuningdek, hujjatda ta’kidlanishicha, mamlakatlar BRIKS davlatlari va ularning savdo hamkorlari o‘rtasida milliy valyutalardan foydalanishni ma’qullaydi.
Xitoy Ukraina mojarosiga moy sepmaslikka chaqirdi
XXR raisi Si Szinpin imkon qadar tezroq hal qilinishi kerak bo‘lgan global masalalar bo‘yicha Xitoyning pozitsiyasini bildirdi. Bunda gap Ukraina mojarosi va Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat haqida ketdi.
Xitoy yetakchisi tinchlik hamda BRIKS mamlakatlari umumiy xavfsizlik himoyachisi bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi. U Ukraina mojarosining alangasiga moy sepmaslikka, uning uchinchi mamlakatlarga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
“Biz uchta tamoyilga qat’iy amal qilishimiz kerak: jangovar harakatlar kengayishi oqibatida nojo‘ya ta’sirlarga yo‘l qo‘ymaslik, eskalatsiyaga, shuningdek, keskinlikni kuchaytirishga turtki bo‘ladigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik,” — dedi u.
Xitoy yetakchisi, shuningdek, Falastin masalasini hal qilishga va G‘azo sektori hamda Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Pozitsiya ham deklaratsiyada o‘z aksini topdi.
Hindiston ko‘p qutblilik va BRIKSning kengayishi tarafdori
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ko‘p qutblilik haqida gapirdi. BRIKS — bu kelishmovchiliklarni tarqatish uchun tuzilgan guruh emas, balki umumiy manfaatlarni ifodalovchi birlashmadir, dedi Modi.
Modi ittifoqqa yangi a’zo bo‘lgan mamlakatlarni olqishladi. “Bugun biz BRIKSning kengaygan oilasi sifatida ilk bor uchrashayotganimizdan juda xursandman. BRIKS oilasiga qo‘shilgan barcha yangi do‘stlarni samimiy qutlayman. Men prezident Putinni so‘nggi bir yil davomida Rossiyaning BRIKSga muvaffaqiyatli raisligi bilan tabriklayman”, — deya qo‘shimcha qildi Hindiston hukumati rahbari.