Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Qonun orqali O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 29 va 542-moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda hamda yangi 66-bob bilan to‘ldirilmoqda.

Kodeksning 29 va 542-moddalarida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek, ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun berish va qabul qilish asoslarini tartibga soluvchi qoidalar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, kodeksga kiritilayotgan yangi 66-bob 13 ta moddani o‘z ichiga olib, unda xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek, o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish va xorijiy davlatga berishning asoslari, shartlari, ko‘rib chiqish va alternativ jazo tayinlash tartibi hamda rad etish sabablari qayd etilgan.

Unga ko‘ra, mahkumni topshirish va qabul qilish uning qonuniy vakilining yoki yaqin qarindoshining arizasiga, shuningdek, qabul qilinayotgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining roziligi bilan O‘zbekiston Bosh prokuraturasining yoki xorijiy davlat vakolatli organining so‘roviga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunga asosan mahkumni qabul qilib olish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish quyidagi tartibda amalga oshiriladi.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxs yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxs tomonidan murojaat yo‘llangandan so‘ng Bosh prokuratura mazkur shaxsning fuqaroligi tasdiqlangandan keyin xorijiy davlatning vakolatli organiga masalani hal etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuboradi. So‘rov qanoatlantirilgan taqdirda, Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari mazkur shaxslarni qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Shundan keyin O‘zbekiston bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi. Kiritilgan iltimosnoma mahkum yashash joyiga tegishli bo‘lgan sudya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudya jazoni o‘tash uchun xalqaro shartnomalarga muvofiq xorijiy davlat tomonidan topshirilgan mahkumga nisbatan jazo muddati xorijiy davlat sudining hukmi bilan tayinlangan muddatga mutanosib ravishda jazo tayinlaydi.

Shuningdek, mazkur qonun orqali ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun xorijiy davlatga berishni rad etishning asoslari aniq belgilab qo‘yilmoqda.