Ukrainaning NATOga zudlik bilan taklif etilishiga ittifoqning yettita mamlakati qarshi. Bu haqda Politico xabar berdi.
Ular orasida AQSh va Germaniya bor. Avvalroq ushbu mamlakatlarning rasmiy shaxslari, jumladan, Germaniya kansleri Olaf Shols bunga qarshi ekanini ochiq e’lon qilgandi. Ittifoqning asosiy a’zolari Rossiya bilan urushga aralashib qolishdan xavotirda.
Shuningdek, Vengriya va Slovakiya ham Ukrainani taklif qilishni istagani yo‘q, ularning hozirgi rahbariyati Rossiyaga nisbatan G‘arb mamlakatlari orasida eng sodiq pozitsiyaga ega bo‘lib turibdi.
Kiyevning taklifiga qarshi bo‘lgan yana uchta davlat — Belgiya, Sloveniya va Ispaniya. Politico manbasiga ko‘ra, bu mamlakatlar hozircha “soyada” turibdi, ammo g‘oya targ‘ib qilinsa, ular o‘z pozitsiyalarini ochiqlashga tayyor.
Urush tugashidan oldin Ukrainaning NATOga rasman taklif qilinishi Vladimir Zelenskiyning “g‘alaba rejasi”ning birinchi bandidir. Ukraina prezidenti ittifoqqa qo‘shilishning o‘zi jangovar harakatlar tugaganidan keyin sodir bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Fransiyaning Le Monde gazetasi 19-oktabr kuni e’lon qilgan maqolasida AQShning alyansga rasmiy taklif etishga nisbatan prinsipial e’tirozlari qolmagani haqida ma’lumot berilgandi. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, agar saylovlarda Demokratik partiyadagi hamkori Kamala Harris g‘alaba qozonsa, prezident Jo Bayden o‘tish davrida shu yo‘nalishda harakat qilishni boshlashi mumkin.
- Ukraina Rossiyaning keng miqyosli bosqinidan keyin 2022-yilda NATO va YeIga a’zo bo‘lish uchun ariza bergandi. Vashingtonda o‘tkazilgan NATOning so‘nggi yubiley sammitida ishtirokchi davlatlar yakuniy deklaratsiyada Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ortga qaytmas yo‘ldan borayotganini ta’kidladi, biroq Kiyev taklif olmadi. Xususan, Ukrainaning qo‘shilishiga qarshi bo‘lgan AQSh va Germaniya Rossiya bilan ziddiyat kuchayishidan xavfsiragan.