Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADG) ma’lumotlariga ko‘ra, davlatga tegishli “Poytaxt bank” xususiylashtirildi.
Moliyachi Otabek Bakirov Markaziy bank “Poytaxt bank"ni xususiy banklar toifasiga o‘tkazganiga e’tibor qaratdi.
Avgust oyida “Poytaxt bank” davlat banklari qatoriga kiritilgan va Toshkent hokimligiga qarashli bo‘lgan bo‘lsa, sentabr oyida u xususiy banklar ro‘yxatida joylashgan.
Poytaxt Bank’ning yangi ta’sischisi 100% aksiyalarga egalik qiluvchi amirliklarning Bond Investments Limited kompaniyasi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bu O‘zbekistonda “Ipoteka-bank” , “O‘zagroeksportbank” va Asia Alliance Bank’dan (milliylashtirilganidan so‘ng u yana xususiylashtirildi) keyingi davlat bankini xususiylashtirish bo‘yicha to‘rtinchi bitim hisoblanadi.
Iyun oxirida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi BAAning Bond Investments limited kompaniyasi bilan bankning 100% ulushini 10 million dollarga to‘lovni biryo‘la amalga oshirish sharti bilan sotish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.
“Investor Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, Das Holding LLC kompaniyasi guruhi tarkibida faoliyat yuritadi. Xolding guruhi Yaqin Sharq va butun dunyodagi diversifikatsiyalangan biznes sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalardan iborat. Ta’kidlash lozimki, xolding guruhi BAAda islomiy va raqamli bankni o‘z ichiga olgan muvaffaqiyatli banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini yuritish tajribasiga ega. Ushbu tajriba O‘zbekiston bank sektorida tatbiq etishga xizmat qiladi”, — deb yozgandi DABA matbuot xizmati.
Davaktiv bitimni qonuniy asoslarda to‘liq yakunlash uchun investor “Poytaxt bank” aksiyalarini sotib olish maqsadida Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnomani olishi zarurligini ta’kidlagandi.
Spot Bond Investments Limited o‘z veb-saytiga ega emasligini yozgandi. DABA investor Das Holding tuzilmasining bir qismi ekanini da’vo qilishiga qaramay, bu haqda hech qanday ochiq ma’lumot topilmagan.
25-iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov “Poytaxt bank"ni sotish bo‘yicha bitimni tasdiqlash niyatida ekanini ma’lum qilgandi. BAA xoldingini o‘rgangach, regulyator potensial investor talablarga javob beradi, degan xulosaga keldi, deya ta’kidlagan u.
“Poytaxt bank” aksionerlik tijorat turar joy-qurilish jamg‘arma banki 2018-yil oxirida o‘z faoliyatini boshlagan. Uning asosiy vazifalari aholi va yuridik shaxslarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ipoteka krediti va bank xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, arzon ko‘p qavatli uylar qurayotgan pudratchilarga kreditlar berishdan iborat edi. Bank 2021-yilning may oyida sotuvga qo‘yilgan.