19-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum ayolning cho‘lda bir erkak tomonidan kaltaklanib, “samosud” qilinayotgani aks etgan video tarqaldi. Navoiy viloyati IIBning 23-oktabr kuni “Gazeta.uz"ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan shaxs qamoqqa olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda erkak ayolni tayoq bilan urayotgani va uni qo‘rqitgani ko‘rinadi. Jarayon erkakning o‘zi tomonidan tasvirga olingan. Voqea aynan qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Videoda erkakning: “Yaxshilab yig‘la, joningdan umiding bo‘lsa, yalin! Videoni otangga ko‘rsataman: „Qizingning ahvolini ko‘r. Ikki soatdan beri shu yerda uryapman“, [deb]. Shu o‘rmon joyni ham eslab qol — shu yerda ko‘milasan”, degan so‘zlari eshitiladi. Ayol bunga javoban undan ortiq urmaslikni iltimos qiladi va uning hamma aytganlarini qilishga tayyorligini aytadi.
Navoiy viloyati IIB matbuot xizmatidan “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishlaricha, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u qamoqqa olingan.
Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda, shuningdek, jabrlanuvchining o‘zi bergan bir intervyuda huquqbuzar shaxs ichki ishlar organlarining sobiq xodimi ekani ta’kidlangan.
“Ushbu jinoyatni sodir etgan fuqaroning ichki ishlar organlariga hech qanday aloqasi yo‘q. Hozirda holat yuzasidan surishtuvlar davom etmoqda. Yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi”, deyiladi Navoiy viloyat IIBning “Gazeta.uz"ga taqdim etilgan axborotida.