“Dok-1 Maks” ishida aybdor deb topilgan sobiq amaldor Sardor Kariyevning oilasi yashab turgan uy ham MIB tomonidan xatlandi. “Daryo.uz”ning xabar berishicha, Kariyevning xotini holat yuzasidan sudga ariza kiritgan.

Majburiy ijro byurosi xodimining sudda ma’lum qilishicha, byuro “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga sud tomonidan belgilangan salkam 76 milliard so‘mlik tovon pullarini undirish harakatini davom ettirmoqda.

MIB xodimi Kariyevning nomida ikkita uy borligi va uning mulkiy ahvoli yaxshi ekanini bildirib, undirish imkoni yo‘q deb qaytarishga asos mavjud emasligini bildirgan.

O‘z navbatida, Kariyevlar oilasining advokatlaridan biri MIB xodimining bu gapiga e’tiroz bildirib, “Bitta uy bo‘lsa sotuvga chiqarish mumkin emas, lekin ikkita-uchta uy bo‘lsa hammasini olish kerak deganimasku?”, deya ta’kidlagan. Kariyevning turmush o‘rtog‘i xatlangan mulklardan faqatgina o‘zi va bolalari yashab turgan uyni qoldirishni so‘ragan.

“Bu ish bo‘yicha 22−23 kishi sudlangan. Hozir yana qo‘shildi. Kariyevdan boshqa birortasi hali tovon pulini to‘lamadi. Jabrlanuvchilarga boshqa hech kim yordam bergani yo‘q”, — dedi oilaning advokatlaridan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchilarga tovon pulini to‘lash sudlanuvchilarning 7 nafari zimmasiga yuklatilgan. MIB undiruvni ayni paytda ochiqda qolgan 2 nafar sudlanuvchining oylik maoshiga qaratganini, uyidagi mol-mulklari xatlanganini ochiqladi.

“Zamon” informatsion dasturida xabar berilishicha, jabrlanuvchilar belgilangan tovon puli to‘liq undirilmaganidan norozi bo‘lmoqda. Ular nafaqat Kariyevning, balki qolgan 6 nafar ayblanuvchilarning nomidagi mol-mulklarini xatlab, tovon puli undirilishi kerakligini ta’kidlagan.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov “Dok-1 Maks” ishi sabab nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilayotganini aytgan. U jurnalistlarda bolasini davolashda yordam ololmayotgan ota-onalarning e’tirozlariga doir ma’lumotlarni shaxsan taqdim etishni so‘ragan.

Keyinroq “Dok-1 Maks” sabab nogiron bo‘lgan bolaning otasi SSV rahbari jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot berganini aytdi. Farzandi 2022-yil dekabr oyida “Dok-1 Maks”dan zaharlangan va 65 kun komada yotgan 5 yoshli Alibek O‘ktamovning otasi Feruz Nuritdinovning aytishicha, vazir jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot bergan.

Uning ta’kidlashicha, vazirning bu gapidan so‘ng ko‘pchilik ota-onalar vazir bilan ko‘rishish niyatida yuribdi. Jabrlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, u farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar sotilgan uyi va yaqinlaridan olingan qarzlari evaziga to‘plangan katta miqdordagi mablag‘ini sarflab bo‘lgan.