24-oktabr kuni Senatning to‘rtinchi chaqirig‘i o‘zining so‘nggi, ellik to‘qqizinchi yalpi majlisini o‘tkazdi. Majlisda yuqori palata raisi Tanzila Narbayeva o‘tgan 5 yildagi faoliyatni sarhisob qilib, ularga bildirilgan ishonch uchun O‘zbekiston xalqiga va prezidentga minnatdorchilik bildirdi.
Tanzila Narbayeva, shuningdek, Senat nomidan hamkorlik uchun hukumat vakillariga, OAVga ekspertlar va olimlarga ham minnatdorchilik bildirdi.
“O‘zgarishlarga, islohotlarga munosib ravishda Parlamentning yuqori palatasi mas’uliyat bilan, professionallik bilan, tezkorlik bilan o‘z faoliyatini olib bordi. Yurtimiz taraqqiyotiga o‘zimizning ozmi-ko‘pmi hissamizni qo‘shishga, xalq vakillari sifatida ularning quvonchiga sherik, dard-u tashvishlariga malham bo‘lishga harakat qildik”, — deya ta’kidladi Senat raisi nutqi boshida.
Tanzila Narbayeva parlamentning yuqori palatasi o‘tgan besh yildagi faoliyatida, butun sa’y-harakatlarini imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan vakolatlardan kelib chiqadigan vazifalarni imkon qadar to‘laqonli bajarish va yuqori natijadorlikka erishishga qaratganini qayd etdi.
“Bugun davlat va jamiyat ahamiyatiga molik biror bir masala qolmadiki, Senat shug‘ullanmagan bo‘lsa. Mamlakatimizni strategik rivojlantirishning konseptual asoslaridan tortib, hududlarda yashayotgan aholining muammolarini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lgan eng dolzarb masalalar doimiy diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘ldi”, — dedi u.
Qonunchilik faoliyati bo‘yicha
Tanzila Narbayevaning qayd etishicha, Senatning 2015−2019-yillarda qonunlar va boshqa masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan 25 ta yalpi majlisi o‘tkazilgan. Ularda 494 ta masala, shundan 226 ta qonun ko‘rilgan. 2020−2024-yillar davomida esa 59 ta yalpi majlisda 700 dan ortiq masala, jumladan, 440 ga yaqin qonun muhokamaga olib chiqilgan.
2020−2024-yillar oralig‘ida 20 ta qonun va ulardagi ayrim normalar inson huquqlarini ta’minlash hamda hududlar manfaatlarini o‘zida to‘liq ifoda etmaganligi, umuman olganda, ularni yanada takomillashtirish zarur bo‘lganligi sabab rad etilgan.
Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish huquqi berilgan. Senat raisining aytishicha, mahalliy Kengashlar bilan birgalikda aholining qonuniy talablarini o‘rganish va tegishli qonunchilik takliflarini shakllantirish bo‘yicha ishlar natijasida 50 dan ortiq qonunlar bo‘yicha to‘liq asoslantirilgan takliflar hukumatga taqdim etilgan.
Shuningdek, to‘rtinchi chaqiriqning faoliyat muddati davomida qonun ijodkorligi sifatini oshirish maqsadida me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ularni korrupsiyaga qarshi va gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan.
Tanzila Narbayeva Senat o‘tgan yillar davomida o‘zining faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan tarzda tashkil etganini ham qo‘shimcha qildi. Bunga misol sifatida u yalpi majlislar internet orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilgani, qo‘mitalar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borilganini keltirdi.
“Bu esa aholining Senat faoliyati bilan to‘liqroq tanishish, muhokama qilinayotgan qonun loyihalari yoki dolzarb masalalar to‘g‘risida kengroq tushunchaga ega bo‘lish imkoniyatini yanada kengaytirdi”, — dedi u.
Nazorat-tahlil faoliyati
Tanzila Narbayeva Senat o‘tgan yillar davomida bu yo‘nalishda ishlarni tashkil etishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning bajarilishiga asosiy e’tiborini qaratganini ta’kidladi. Uning aytishicha, senatorlar asosan prezident topshiriqlari bo‘yicha joylardagi ijro holati nazoratini zimmasiga olgan.
O‘tgan 5 yil davomida senatorlar va Senat devonining tegishli mutaxassislari ma’lum bir hududda ushbu dasturlar ijrosi holatini chuqur o‘rganib, belgilangan vazifalarning bajarilmay qolishiga sabab bo‘lgan omillarni aniqlagan. O‘z navbatida, ularning ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan Senat Kengashining sayyor majlislarida mas’ul vazirlik, idoralar vakillari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida har bir viloyatda alohida muhokamalar tashkil etilgan.
Har bir tuman (shahar) bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan alohida “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan. Ularda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan doimiy monitoring olib borilgan.
Tanzila Narbayeva Senat bu borada yuqorida sanab o‘tilgan ishlardan tashqari yana bir jihatga, ya’ni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan kamchilik va muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirishga va ularning tegishli ijro hokimiyatlari tomonidan hal etilishini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratganini ta’kidladi.
“Natijada hududlardagi, nafaqat hududlar, balki oddiy odamlarning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq ko‘plab jiddiy masalalar o‘z yechimini topdi. Fursatdan foydalanib, ochiq minbar sifatida odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni dadil, xolis va haqqoniy tarzda yuzaga chiqarib kelayotgan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda faol blogerlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, — dedi u.
Senat raisi, shuningdek, davlat budjetini shakllantirishda hududlar manfaatlarining ifoda etilishi, uning aholini tashvishga solayotgan masalalarni hal qilishga yo‘naltirilganligini ta’minlashda ham Senat faol ishtirok etgani qayd etdi.
2020-yildan boshlab har yili Senatning hukumatga kiritgan takliflari asosida joylardagi 5 mingdan ziyod muammoli masalani hal qilishga umumiy hisobda 10 trln so‘mdan ziyod budjet mablag‘lari yo‘naltirilishi ta’minlangan (2021-yilgi budjetga 8 trln so‘m; 2022-yilgi budjetga 1,1 trln so‘m; 2023-yilgi budjetga 1,2 trln so‘m; 2024-yilgi budjetga 1,0 trln so‘m).
“Bir so‘z bilan aytganda, Senat — hududlar manfaatini faol ilgari suruvchi va himoya qiluvchi qonunchilik instituti sifatida o‘zini namoyon etdi”, — dedi Tanzila Narbayeva.
Mahalliy Kengashlar bilan hamkorlik
Tanzila Narbayeva o‘z nutqida Senat o‘tgan 5 yil davomida mahalliy Kengashlar tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, faoliyatiga doir ichki normativ hujjatlarini yangilash borasida bir qator ishlarni amalga oshirganini ham qayd etib o‘tdi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini tizimli, maqsadli va kompleks yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish, ularni jarayonga faol jalb etish maqsadida Senatda Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi, shuningdek, mahalliy Kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etilgan. Mahalliy Kengashlar huzuridagi doimiy komissiyalar esa Senat qo‘mitalari yo‘nalishiga mos tarzda qayta tashkil etilgan.
Parlamentlararo xalqaro hamkorlik
Tanzila Narbayeva parlament o‘tgan davr mobaynida milliy manfaatlarni va tashabbuslarni xalqaro miqyosda faol ilgari surish maqsadida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lidan borganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlamentlararo Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi bilan aloqalar kengaytirilgan.
Xalqaro munosabatlarda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Senatda 27 ta parlamentlararo do‘stlik guruhlari va komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davrda O‘zbekistonda “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xotin-qizlar forumi”, “Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti”, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi va qator xalqaro konferensiyalar tashkil etildi.
Shuningdek, “Osiyo xotin-qizlari forumi” bo‘lib o‘tdi. Forum yakunida Samarqand deklaratsiyasi asosida BMT Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi loyihasi qabul qilish uchun taqdim etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni taklifiga ko‘ra, Parlamentlararo Ittifoq o‘zining 150-yubiley Assambleyasini 2025-yilda (5−9-aprel) mamlakatda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“2022-yilda prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng parlament rahbarlari, a’zolari o‘rtasidagi muloqotlar muntazam tus olib, o‘zaro tashriflar sezilarli darajada faollashdi”, — dedi Senat raisi.
Senat mas’ulligidagi milliy komissiya va kengashlar faoliyati
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi shakllangan Senat tarkibining birinchi majlisida Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha milliy indikatorlarga erishilishi ustidan parlament nazoratini samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlab o‘tgan edi.
Tanzila Narbayeva mana shu zaruriyatdan kelib chiqqan holda, milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarning holatini o‘rganish, bu boradagi qonun hujjatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tizimli monitoring qilish bo‘yicha Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyaси tashkil etilganini qayd etdi.
O‘tgan davrda parlament komissiyasi tomonidan 16 ta milliy maqsad, 126 ta vazifa va 190 ta indikator doirasida olib borilayotgan ishlar holati hududlar va tarmoqlar kesimida o‘rganilib, mavjud holat yilning har choragida muhokama qilib borilgan. Komissiya majlislarida 40 dan ortiq vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitilgan va bu boradagi muammolarni hal etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.
Senat raisi Gender tenglikni ta’minlash va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda shu yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ishlar natijasi o‘laroq mamlakatda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish bo‘yicha strategiya qabul qilinganini ta’kidladi.
Shuningdek, u mamlakatda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari odam savdosi va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bilan bog‘liq eng o‘tkir muammolarni bartaraf etishga ham xizmat qilayotganini qayd etdi. Tanzila Narbayevaning aytishicha, bu yo‘nalishda tuzilgan komissiya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi barcha mehnat jamoalarida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ishchi-xodimlar manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib, aniqlanayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishiga erishib kelmoqda.
“Shu o‘rinda O‘zbekistonning ijtimoiy-mehnat sohasidagi yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilib, mamlakatimiz tarixda birinchi marta Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ma’muriy kengashi tarkibiga qabul qilinganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim”, — dedi u.
Senat raisi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tegishli agentlik bilan hamkorlikda korrupsiyaning oldini olish, unga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va omillarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarning samaradorligini oshirishga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etib kelayotganini ta’kidladi.
Jumladan, o‘tgan 5 yilda korrupsiya holatlari eng ko‘p uchraydigan sohalar o‘rganilgan hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash, kapital qurilish, davlat xaridlari va bank sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari e’lon qilinib, “yo‘l xarita”lari tasdiqlangan.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Reyting baholash va Ochiqlik indeksi joriy etilgan.
Tanzila Narbayeva olib borilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida “Transparency International” tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston so‘nggi 6 yilda 36 pog‘onaga yuqorilaganini ta’kidladi.
Senat raisi mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rinlarini ko‘tarish bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ham gapirib o‘tdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida prezident farmoni bilan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilgan.
O‘tgan besh yilda mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rniga ta’sir qiluvchi 20 dan ortiq strategiya, 5 ta kodeks, 35 ta qonun, 4 ta konsepsiya va 60 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilib, qabul qilingan.
“Olib borilgan islohotlar natijasida keyingi besh yilda mamlakatimiz Huquq ustuvorligi indeksida 16, Korrupsiyani qabul qilish indeksida 32, Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 18, Iqtisodiy erkinlik indeksida 31, Logistika samaradorligi hamda Global innovatsiya indekslarida 11 pog‘onaga yuqoriladi”, — dedi Tanzila Narbayeva.
Yoshlar parlamenti faoliyati
O‘zbekistonda 2020-yilda prezident tashabbusi bilan Yoshlar parlamenti faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi.
“O‘tgan besh yil davomida ular Senat faoliyatining barcha yo‘nalishlariga doir jarayonlarda biz bilan yonma-yon turib tajriba orttirdi. Ayniqsa, qonunchilik, nazorat-tahlil hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarida Yoshlar parlamenti a’zolari faol ishtirok etdi”, — dedi Tanzila Narbayeva.
Senat raisi nutqi so‘nggida yuqorida 2020−2024-yillar davomida Senat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan natijalari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tilganini aytdi.
“Prezidentimizning katta ishonchi, tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlagani hamda hukumatimizning biz bilan yaqindan hamkorligi faoliyatimiz natijadorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Qadrli do‘stlar! Biz bugun mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan katta bir siyosiy tadbir arafasida turibmiz. Shu haftaning so‘ngida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Men xalqimizning ishonchiga sazovor bo‘lib, mana shunday katta mas’uliyatli vazifalarni o‘z zimmasiga oladigan bo‘lajak deputat va senatorlarimiz ishiga katta muvaffaqiyatlar tilayman! E’tiboringiz uchun rahmat!”, — dedi Tanzila Narbayeva.