O‘zbek yutuberlari ingliz tili kabi talabgor tillarda ko‘proq kontent qilsa, yaxshi daromad topadi. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 23-oktabr kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov OAV vakillariga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Sherzod Shermatov jurnalistlarning O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasiga qo‘yilgan cheklov qachon olib tashlanishi haqidagi savoliga quyidagicha javob qaytardi:
“Mening tavsiyam — YouTube’da ko‘proq chetga ishlashga harakat qilish kerak. Chunki monetizatsiyaning ingliz tilida kontenti juda katta. Masalan, Marg‘ilonga borganimda Inha universitetini bitirgan talabamizni ko‘rib qolgandim. U o‘zining YouTube kanalida 3D printerlar renderini “obzor” qilib beradi. Bir kanaliga kirib ko‘ring, “rils”lari 30 million martalab ko‘rilgan. Chunki ingliz tilidagi auditoriya juda katta. Shuning orqasidan oyiga o‘rtacha 5 ming dollar daromad topyapti. Siz o‘zbekcha kontent qilib qancha daromad topa olasizu, inglizcha kontent tayyorlab qancha daromad topasiz? Shuning uchun tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak”, — dedi u.
Hukumat vakili ingliz tili singari talabgor tillarda ko‘proq kontent qilish kerakligini ta’kidladi. “Mening taklifim shu. Bizda qachon monetizatsiya ochilishini kompaniyadagilarning o‘zi reja qilib, harakat qiladi”, — dedi Shermatov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yaqin kelajakda YouTube monetizatsiyasiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishi mumkinligi aytilgan edi. Bu borada platforma rahbariga murojaat qilingani ta’kidlangan.