O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Davlat sirlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ma’qulladi. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuboriladi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov amaldagi qonun 1993-yilda qabul qilingani bois “bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati” borligini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, qonunning amaldagi tahririda davlat sirlarini himoya qilish sohasidagi organlarning vakolatlari, maxfiylik darajasi, ma’lumotlarni maxfiylashtirish va davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berish muddatlari belgilanmagan. Shu sababli davlat sirlaridan foydalanish va muomala qilishning huquqiy asoslari turlicha talqin qilinadi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining maxfiy qarorlari asosida davlat sirlari bilan ishlash va ularni muhofaza qilish, maxfiylikni ta’minlash va maxfiy rejimda ishlashni tartibga solish tartibi tasdiqlandi.

Ushbu qarorlarning maxfiyligi sababli O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat sirlaridan foydalanish huquqlarini yetarli darajada bilmasliklariga olib kelmoqda, dedi senator.

Madumarovning ta’kidlashicha, amaldagi qonunda davlat sirlari bilan tanishish uchun ruxsat berish tartibi, maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati, davlat sirlarini boshqa davlatlar bilan o‘zaro almashish mexanizmi ham tartibga solinmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikdagi bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati “Davlat sirlariga oid O‘zbekiston Respublikasi qonuni”ning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqdi.

Hujjatda davlat sirlarini saqlash sohasidagi yagona davlat siyosati prezident tomonidan belgilanishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xavfsizlik xizmati va davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotlarning sohadagi vakolatlarini aniq belgilab berilmoqda. Amaldagi qonunga ko‘ra, vakolatlarni faqat Davlat xavfsizlik xizmati belgilardi.

Davlat sirlariga kiritilgan ma’lumotlar to‘rt toifaga bo‘linadi:

  • harbiy soha;
  • tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy sohalar;
  • razvedka va tezkor qidiruv faoliyati yo‘nalishlari;
  • iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohalariga doir ma’lumotlar.

Ushbu ro‘yxat hukumatning 1994-yilgi qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maxfiy qilib berilgan, dedi senator.

Tolibjon Madumarov yangi qonunda fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning davlat sirlari bilan tanishishini ta’minlash asoslari, ruxsat berishning alohida tartibi va ruxsat berishni rad etish asoslari belgilab berilganini ma’lum qildi.

Davlat sirlaridan foydalanish huquqi o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslarga beriladi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmaganlarga esa ruxsatnoma xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq berilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, davlat sirlari bilan ishlash huquqi tugatilgandan so‘ng respublikada xorijga chiqish tartibi va davlat sirlarini maxfiylashtirish, maxfiylikdan chiqarish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining mazkur yo‘nalishda bilim ko‘nikmalarni oshirish uchun o‘quv kurslarini tashkil etish reja qilingan.

Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati va ushbu ma’lumotlarni maxfiylashtirish bo‘yicha asossiz qaror qabul qilinganlik holatlarida javobgarlik belgilanadi. Fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga ta’sir soladigan axborotlarni davlat sirlariga kiritilishi man etiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan tahrirda favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik darajasi, inson huquqlari buzilishi va shu kabi boshqa ma’lumotlarni ushbu ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutilgandi.