Turkiya Anqaradagi Turkish Aerospace (TUSAŞ) shtab-kvartirasiga qilingan hujumga javoban Iroq va Suriyadagi Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) bilan bog‘liq obyektlarga havo zarbalari berdi, deb xabar qilmoqda Reuters.

Rasmiylarning aniqlik kiritishicha, hujum oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 22 kishi yaralangan. Hujum qilganlardan ikkitasi o‘ldirilgan. Turkiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerlikaya hujumga mamlakatda taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi aloqador bo‘lishi mumkinligini aytdi. Terakt uchun hozircha hech kim rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Keyinroq Yerlikaya maxsus xizmatlar tomonidan yo‘q qilingan terakt ijrochilaridan birining shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rojer laqabli Ali Orek bo‘lib, u Kurdiston ishchi partiyasi a’zosi bo‘lgan. Ikkinchi hujumchi ayolning shaxsini aniqlash davom etmoqda.

Turkiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Turkiya harbiy-havo kuchlari Iroq va Suriya shimolida 32 ta obyektni yo‘q qilgan. Daily Sabah maxsus xizmatlardagi manbasiga tayanib, havo hujumlari harbiy, energetika va infratuzilma obyektlariga, shuningdek, o‘q-dorilar saqlanadigan omborlarga qaratilganini ma’lum qildi.

  • TUSAŞ — Turkiyaning asosiy aerokosmik kompaniyasi bo‘lib, 1973-yilda tashkil etilgan. Unda tijoriy foydalanish va harbiy ehtiyojlar uchun samolyotlar, vertolyotlar, dronlar va kosmik sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqariladi.