Prezident 22-oktabr kuni “Agrosanoat majmuida davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi [PF-164-sonli] farmonni imzoladi. Bu haqda Telegram`dagi Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.

Hujjatda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zagroinspeksiya) Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Tashkilot 2022-yilda prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuvidan olinib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgandi.

Yangi farmon bilan O‘zagroinspeksiyaga qo‘shimcha vazifalar yuklandi. Unga ko‘ra, tashkilot bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdorini hisobdan chiqarishni nazorat qiladi.

Bug‘doy yetishtiruvchilardan xarid qilinadigan bug‘doyni qabul qilish va sotish jarayonlarida standart talablariga ko‘ra sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha (muvofiqlik sertifikati) hamda bug‘doy sinflari (sifat sertifikati) bo‘yicha sertifikatlashni nazorat qiladi.

Shuningdek, import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) mavjudligini aniqlaydi.

Barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holati, ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va ta’mirlash xizmatlarining sifati ustidan nazorat ham inspeksiya vazifalariga kiradi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini majburiy va davriy sinovdan o‘tkazish ham nazorat qilinadi.

Inspeksiya tomonidan sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.