23-oktabr kuni Toshkent mintaqasi temiryo‘lining Nurhayot — Salar bekatlari oralig‘ida poyezd voyaga yetmagan fuqaroni urib ketdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.
Soat 17:52 da shahar IIBBga temiryo‘lning 7-to‘sig‘ida poyezd noma’lum shaxsni urib yuborgani haqida xabar kelib tushgan. Aniqlanishicha, Toshkent — Xo‘jakent yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi belgilangan o‘tish joyidan velosipedda o‘tayotgan Sh. Ch.ni (2009 y.t.) urib yuborgan.
BP ma’lumotlariga ko‘ra, bola Qashqadaryodagi kollej 1-kurs talabasi hisoblanadi va onasi bilan Qibray tumaniga mehmonga kelgan.
U tez tibbiy yordam mashinasida Yunusobod tumani 7-son shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan. 24-oktabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazining “Bolalar bo‘limi"ga o‘tkazilgan.
Unga bosh miya chayqalishi, aralash shikast, ko‘krak qafasi yopiq shikasti, o‘pka lat yeyishi, qorin yopiq jarohati tashxisi qo‘yilgan.