O‘zbekiston kelgusida BRIKSdagi faoliyatini asta-sekin chuqurlashtirib, unga a’zo davlatlar bilan hamkorlikni tubdan rivojlantiradi. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 25-oktabr kuni Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom A’loyev “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Kuni kecha hurmatli prezidentimiz Qozonda o‘tkazilgan BRIKS sammitida ishtirok etib, u yerda nutq so‘zladi. O‘zbekiston BRIKS faoliyatida faol ishtirok etishga qaror qabul qildi va kelajakda, albatta, BRIKSdagi faoliyatini qadamma-qadam yanada chuqurlashtirishga harakat qiladi”, — dedi u.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda dunyoda BRIKS nufuzi tobora oshib, unga a’zo bo‘lish yoki hamkorlik qilish istagidagi davlatlar soni ortmoqda. “Biz ham shu yo‘ldan boryapmiz va kelgusida albatta, a’zo mamlakatlar bilan aloqalarimizni tubdan rivojlantiramiz. Bunda asosiy e’tibor savdo iqtisodiy, investitsiya, transport, yashil energetika, raqamlashtirish sohalaridagi hamkorligimizga katta urg‘u beriladi”, — dedi Bahrom A’loyev.

Avvalroq, Qozonda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti yakunida 13 davlat birlashmaning hamkor davlatlari maqomini olishi kutilayotgani, ular orasida O‘zbekistondan tashqari, Turkiya, Qozog‘iston, Jazoir, Belarus, Boliviya, Kuba, Indoneziya, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Uganda va Vetnam ham borligi haqida xabar berilgan edi.

Ittifoq so‘nggi bor 2024-yil yanvarida kengaygan, o‘shanda unga to‘rtta davlat — Misr, Efiopiya, BAA va Eron ham qo‘shilgan.

BRIKS (inglizcha BRICS — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR nomlarining bosh harflari) 2006-yil iyun oyida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy iqtisodiyot vazirlari ishtirokida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan.