Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni Toshkentning Bobur ko‘chasida poytaxt xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tish joyining yarmi o‘tgan yilning noyabr oyida ochilgan edi. O‘shanda yo‘l o‘tkazgichning mustahkamligini sinash uchun u bo‘ylab umumiy og‘irligi 300 tonna bo‘lgan harbiy tanklar va tirkamalar tashilgan.

Yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 702 metr, eni 46 metrni tashkil etadi. Kichik halqa yo‘li va Sodiq Tolipov ko‘chasiga tutashgan ikkita aylana va to‘rtta yoysimon chiqish yo‘llari qurildi.

“Bu qayrilib olishga hojat qoldirmay, avtomobillar harakatini osonlashtirdi. Umuman, ushbu transport bog‘lamasi 1 soat ichida 5 mingta, bir kecha-kunduzda 132 mingta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

“Xalqimiz kutib turibdi. Ruxsat”, — dedi prezident yo‘l o‘tkazgichni foydalanishga topshirish marosimida.

yo‘l o‘tkazgichлар

Yo‘l o‘tkazgichda birinchi marta muhandislik inshootlarini monitoring qilish tizimi joriy etildi. Bu ko‘priklardagi strategik nuqtalarda elektron uzatgichlar o‘rnatishni o‘z ichiga oladi. Ular oqali mustahkamlik va xavfsizlik darajasi doimiy nazorat qilib boriladi

“Kundalik me’yordan o‘zgarish sezilsa, muammo tezda aniqlanib, vaqtida chora ko‘riladi. Bu ko‘priklarning uzoq vaqt yaxshi saqlanishini ta’minlaydi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, bu tizim natijasida mablag‘ tejaladi. 20 ga yaqin qog‘oz shakldagi hisobotlar raqamlashtiriladi. Monitoring ma’lumotlari 30 yilgacha saqlanadi.

Prezident bu tizimni avval poytaxtdagi 114 ta ko‘prikda va keyinchalik barcha ko‘priklarda tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.

Aeroport yaqinidagi temiryo‘l orqali o‘tuvchi yo‘l o‘tkazgich 1967-yilda qurilgan. 2008-yilda bu yerda rekonstruksiya ishlari olib borilgandi, natijada u to‘rttadan olti qatorligacha kengaytirildi (har bir yo‘nalishda uchtadan).

Yangi rekonstruksiya ishlari o‘tgan yilning fevral oyida boshlangan. Qayd etilishicha, bu 463 milliard so‘mga (38 million dollarga yaqin) baholanmoqda.