Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga 120 million so‘mgacha 20 yilgacha muddatga ipoteka krediti beriladi. Kreditni berish tartibi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlandi.
“Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq:
- yakka tartibdagi uy-joyni kurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maksadlari uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga ipoteka kreditlarini ajratiladi;
- ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15 foizi mikdorida xamda foiz tulovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lab beriladi;
- ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha subsidiyalarni rasmiylashtirish hamda ajratish tartibi tasdiqlanadi.
Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining mablag‘lari hisobidan, qoida tariqasida, “Agrobank”, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan ajratiladi;
Shuningdek, kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq to‘lovlar qiymati 50 foizga kamaytiriladi.
Qaror bilan yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar “subsidyplatform.mf.uz” to‘lov platformasi orqali ajratilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 30-aprel kuni “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilingandi.
Farmonda hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi hamda qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etilishi belgilangan.