Siyosat
“O‘zbekiston BRIKSdagi faoliyatini qadamma-qadam chuqurlashtirishga harakat qiladi” — Bahrom A’loyev
O‘zbekiston BRIKSning hamkori bo‘lishi kutilmoqda. Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom A’loyevga ko‘ra, mamlakat kelajakda BRIKSdagi faoliyatini qadamma-qadam chuqurlashtirishga harakat qilib, unga a’zo davlatlar bilan hamkorlikni tubdan rivojlantiradi.
MSK: 1 milliondan ortiq saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi
Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida O‘zbekiston bo‘ylab 1 million 15 ming 948 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.
IIV sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar davom ettiriladi — Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti IIO xodimlariga yo‘llagan tabrigida IIV tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar davom ettirilishini ta’kidladi. “Ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shart”, — dedi u.
O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi tayinlandi
Oybek Shaxavdinov O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi. U mart oyidan beri Vengriyada elchi bo‘lib xizmat qilmoqda, shu haftadan boshlab esa Xorvatiyada ham elchilik vazifasiga kirishgan.
Iqtisodiyot
Yandex Uzbekistan Express24 aktivlarining bir qismini sotib oladi
Yandex Uzbekistan va Express24 yagona texnologik platformani yaratish bo‘yicha bitim imzoladi. Bunda Yandex Go`dagi Eats va Express24 xizmatlari yagona texnologik platformaga o‘tadi. Express24 ilovasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Afg‘onistondagi gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha shartnomani O‘zbekistonning Eriell KAM kompaniyasi imzoladi — prezidentning maxsus vakili
Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning ma’lum qilishicha, Eriell KAM kompaniyasi Afg‘onistondagi gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 25 yil davomida loyihaga yiliga 100 million dollar sarmoya kiritadi, qazib olingan gazni ham qayta ishlaydi.
Jamiyat
Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati biroz pasayadi
Respublikada dam olish kunlari janubi-g‘arbdan nam havo massalari kirib kelishi hisobiga biroz soviydi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shanba kuni harorat +13…+15, yakshanba kuni esa +19 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Surxondaryoda gaz ta’minoti xodimi gaz ballonlarini yashirib, qimmatga sotayotgani aniqlandi
Surxondaryo viloyatida gaz ta’minoti xodimi ikki nafar tanishining uyiga gaz ballonlarini yashirib, noqonuniy ravishda mahalliy aholiga oshirilgan narxda sotib yurgani ma’lum bo‘ldi. Jami 120 ga yaqin ballon topildi.
Samarqandda “Jiguli"da ariqqa tushib ketgan 7-sinf o‘quvchisi vafot etdi
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 7-sinf o‘quvchisi “Jiguli” mashinasini minib, yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketdi. U og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.
Migratsiya agentligining ayrim funksiyalari 2026-yilgacha xususiy sektorga o‘tkaziladi
Yangi tashkil etilgan Migratsiya agentligi 2026-yilgacha fuqarolarni xorijga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalarini xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazadi. Ish takliflari ochiq e’lon qilinadi, saytda rezyume shakllantirish imkoni paydo bo‘ladi. Migrantlarga 10 mln so‘mgacha mikrokredit beriladi.
O‘zbekistonda 9 oy ichida tug‘ilish kamayib, o‘lim holati ko‘paygan
O‘zbekistonda yanvar-sentabr oylarida 693,8 ming nafar chaqaloq tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,2% kam. O‘lim holati avvalgidan ko‘payib, 131,7 ming nafarni tashkil etdi. Mamlakatda 9 oy ichida 179,4 ming nikoh tuzilgan bo‘lsa, 34 mingta ajrim kuzatildi. 193,5 ming kishi O‘zbekistondan chetga ko‘chib ketdi.
SpaceX O‘zbekistonga milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini taqdim etadi
AQShning SpaceX va Buyuk Britaniyaning Surrey Satellite Technology kompaniyalari O‘zbekistonning milliy kosmik dasturini ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini beradi.
Oxirgi 4 yilda 30 nafar o‘zbekistonlik yoshlar IELTS`dan 9 ball oldi — Alisher Sa’dullayev
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev so‘nggi 4 yilda O‘zbekistonda 30 mingga yaqin yosh IELTS`dan 7 balldan baland natija qayd etganini ma’lum qildi. 8 ball olganlar soni 3 mingga yaqin bo‘lsa, 9 ballik natija qayd etganlar yoshlar soni 30 nafarga yetgan.
Buxoro SSBga yangi rahbar tayinlandi
Elyor Oltiyev Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Milliy tibbiyot markazi direktorining hududlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Probatsiya xizmati inspektorlariga huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzish vakolati berilmoqda
O‘zbekistonda probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati berilmoqda. Bu ko‘zda tutilgan qonunni Senat ma’qulladi.
Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka kreditini berish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi tasdiqlandi.
O‘zbekiston jamoalari NASA tomonidan o‘tkazilgan xakatonda qanday ishtirok etdi?
Xalqaro NASA Space Apps Challenge 2024 xakatonida O‘zbekistondan 35 jamoa qatnashdi. Global bosqichga yo‘l olgan uch jamoa endi o‘z loyihalari bilan bosh mukofot — NASA (AQSh)ning tadqiqot markaziga sayohat uchun kurash olib boradi. “Gazeta.uz” xakatonning O‘zbekiston bosqichi qanday o‘tgani haqida hikoya qiladi.
Yangi Toshkentga Yuqori Chirchiqdan 110,4 gektar yer maydoni o‘tkazildi
Yangi Toshkent shahri qurilishi uchun Yuqori Chirchiq tumanidagi 3 ta mahalladan yana yer maydoni ajratildi. Yerlar doimiy foydalanish huquqi bilan “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi"ga berildi.
Toshkentda poyezd 15 yoshli bolani urib ketdi. U shifoxonaga yotqizildi
Toshkentda temiryo‘lning belgilangan qismidan velosipedda kesib o‘tayotgan 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi. U bir qancha jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
Partiya sharfi yoki kepkasini kiyish hali elektoratga yo‘l topish degani emas. Sodiq Safoyev — saylovoldi tashviqoti haqida
Bu galgi saylovda partiyalar aniqroq dasturlarni ilgari surmoqda, lekin ular zamonaviy siyosiy texnologiyalarni ham o‘zlashtirishi kerak, dedi Senat rahbarining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. Elektoratga yo‘l topish partiya sharfi yoki kepkasini kiyish bilan belgilanmaydi, deya ta’kidladi u.
Elektron tizimlar sababli 9 oyda 12,7 tonna ofis qog‘ozi tejaldi — Adliya vazirligi
25-oktabr kuni O‘zbekistonda “Qog‘ozsiz bir kun” eko-aksiyasi o‘tkazildi. Adliya vazirligiga ko‘ra, 2024-yil 9 oyida elektron tizimlar sababli 12,7 tonna ofis qog‘ozi tejalgan. Bu orqali 240 ta daraxt saqlab qolinishiga erishildi, deb yozdi vazirlik.
Jahon
XJS Mo‘g‘ulistonni Putinni hibsga olishdan bosh tortgani uchun Rim statutini buzganlikda aybladi
Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Mo‘g‘uliston xalqaro qamoqqa olish orderi amal qilayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni o‘z hududida hibsga olmasdan, Rim statutini buzganlikda aybladi. Putin sentabr oyida Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgandi.
O‘zbekiston tog‘larida Ipak yo‘lining ikkita shahri qoldiqlari topildi
Tadqiqotchilar guruhi bir paytlar Ipak yo‘li o‘tgan O‘zbekiston tog‘larida ikkita o‘rta asr shahrining qoldiqlarini aniqladi. Ular dengiz sathidan 2000 metrdan ham balandroq joyda joylashgan bo‘lib, olimlarning taxminiga ko‘ra, temir rudasi qazib olish maqsadida bunyod etilgan.
Britaniyada 2025-yil yozidan bir martalik veyplar taqiqlanadi
Buyuk Britaniya 2025-yil 1-iyundan bir martalik veyplarni sotishni taqiqlaydi. Bu chora o‘smirlarni himoyalash va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan. Taqiqning kiritilishi jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Madhiyamizni qayta yozamiz” — Qirg‘iziston parlamenti spikeri
Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasi eskirganini aytib, u qayta yozilishini bildirdi. “Madhiyamizni 5 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar oson kuylashi uchun qayta yozamiz”, — dedi spiker.
Qatarda HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar tiklanadi
Qatarda ikki oylik tanaffusdan so‘ng G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar tiklanadi.
Moskvada 2025-yildan migrantlar uchun elektron guvohnoma berish boshlanadi
2025-yildan Moskvada eksperiment doirasida migrantlarga ular haqidagi “barcha ma’lumotlar” mavjud bo‘lgan elektron guvohnomalar berish boshlanadi. Shuningdek, Moskva aeroportlarida barcha xorijliklar uchun biometrik nazorat joriy etiladi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!