O‘zbekistonda 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu, 2021-yilgi prezident saylovi, shuningdek, 2023-yili bo‘lib o‘tgan Konstitutsiya masalasidagi referendum hamda muddatidan avvalgi prezident saylovidan so‘ng, so‘nggi to‘rt yilda yuz berayotgan to‘rtinchi yirik siyosiy voqeadir. Saylovlar birinchi marta yangi saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. “Gazeta.uz” joriy saylovlar bo‘yicha yo‘riqnomani e’tiboringizga havola qiladi.

Parlament, kengash degani nima va ularning nima keragi bor?

O‘zbekiston parlamenti yoki, boshqacha aytganda, Oliy Majlis — mamlakatdagi oliy davlat vakillik organidir. Parlamentning asosiy vazifalaridan biri — mamlakat va fuqarolar hayotini tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqish, muhokama qilish va qabul qilishdir.

Parlament ijro hokimiyati — hukumatning faoliyatini nazorat qiladi, mamlakat budjetini tasdiqlaydi va uning ijrosini kuzatib boradi. Zarurat tug‘ilganida hukumatga yoki uning alohida a’zolariga ishonchsizlik bildirishi mumkin.

Parlament har yili sog‘liqni saqlash, infratuzilmalar va boshqa shu kabi xilma-xil sohalarni moliyalashtirish uchun davlat resurslarini taqsimlab, mamlakat budjetini muhokam qilib, tasdiqlaydi.

Parlament Markaziy bank raisi, Konstitutsiyaviy va Oliy sud sudyalari va boshqa yuqori martabali shaxslarni, shuningdek, bosh vazir va vazirlarni lavozimga tayinlash jarayonlarida qatnashadi.

Xalq deputatlari kengashlari — bu viloyat, tuman va shahar darajasidagi mahalliy vakillik organidir. Kengash deputatlari tegishli hudud aholisi tomonidan saylanadi. Har bir kengash o‘z hududiga aloqador masalalarni hal qilish bilan shug‘ullanadi va hudud hayotini boshqarish borasida ma’lum bir vakolatlarga ega bo‘ladi.

Kengashlar mahalliy budjetlarni tasdiqlaydi va ularning ijrosini kuzatib boradi. Ular mahalliy dastur va loyihalar uchun moliyaviy resurslarni taqsimlab beradi.

Mahalliy deputatlar obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport kabi tuman, shahar va viloyat hayotiga daxldor shu va shu kabi masalalar bilan shug‘ullanadi.

Kengashlar qonunlar qanday ijro etilayotgani va qarorlar qanday qabul qilinayotganini kuzatib, hokimlar (viloyatlar, shaharlar va tumanlardagi ijro hokimiyati rahbari)ning faolyaitini nazorat qilib borishi kerak.

Ayrim hollarda kengashlar mahalliy boshqaruv ixtiyorida bo‘lgan tashkilot va muassasalarning rahbarlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish jarayonlarida ham qatnashishi mumkin.

Parlament qanday bo‘ladi? O‘zbekistonda qanday?

Parlamentlar bir va ikki palatali bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda parlament ikki palatali, u Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senat (yuqori palata)dan iborat.

Qonunchilik palatasida 150 deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlarining vakolat muddati besh yil.

Senat 65 a’zodan iborat, ularning 56 nafari saylanadi va 9 nafari prezident tomonidan tayyorlanadi. Avval ularning soni 100 nafar edi, shundan 16 nafari davlat rahbari tomonidan tayinlanardi.

Qoraqalpog‘iston, har bir viloyat va Toshkent shahridan 4 nafardan senator saylanadi. Bu mahalliy kengash (Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari) deputatlarining qo‘shma majlislarida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Senator etib saylanish uchun nomzod ushbu majlislarda qatnashayotgan deputatlarning 50 foiz ovozini qo‘lga kiritishi kerak.

O‘zbekiston prezidenti fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan 9 kishini senator etib tayinlaydi.

Bir va ikki palatali parlament o‘rtasida qanday farq bor?

Bir palatali parlamentda barcha qarorlar bir guruh deputatlar tomonidan qabul qilinadi. Ikki palatalida esa qonun loyihalari ikki palatadan o‘tadi, bu esa, nazariy jihatdan, qonunchilik tashabbuslarini chuqurroq ko‘rib chiqish hamda ko‘proq fikrlarni inobatga olish imkonini beradi.

Parlament deputatlarining vakolatlari senatorlarnikidan nimasi bilan farq qiladi?

Qonunchilik palatasi deputatlari qonunlarni ishlab chiqib, qabul qiladi, saylovchilarning manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek, ijro hokimiyatining ishini nazorat qiladi.

Senatorlar esa deputatlar tomonidan taklif qilingan qonunlarni ma’qullaydi yoki rad etadi va hududlarning manfaatlarini mamlakat miqyosida himoya qiladi.

Fuqarolar bo‘lajak saylovda qanday deputatlarni saylaydi?

Bo‘lajak saylovda O‘zbekiston fuqarolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar uchun ham, mahalliy (viloyat, shahar va tuman) kengash deputatligiga nomzodlar uchun ham ovoz beradi.

Qonunchilik palatasi deputatlari butun mamlakatga daxldor qonunlarni qabul qiladi. Kengashlarning deputatlari esa qurilish, obodonlashtirish, hududiy budjet va shu kabi mahalliy masalalarni hal qiladi.

Saylovda qaysi siyosiy partiyalar qatnashadi?

Qonunchilik palatasiga saylovlarda mamlakatda ro‘yxatga olingan beshta partiya qatnashadi. Bular:

  • O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP);
  • “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi;
  • O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi (O‘zXDP);
  • “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

Kim deputat bo‘lishga haqli?

Saylov kodeksi bilan belgilangan talablarga muvofiq kelgan har bir O‘zbekiston fuqarosi deputatlikka nomzod bo‘lishi mumkin.

Qonunchilik palatasiga 25 yoshdan katta (mahalliy kengashlar deputatligi uchun — 21 yoshdan katta) va O‘zbekiston hududida kamida oxirgi 5 yil davomida doimiy yashab turgan fuqarolar saylanish huquqiga ega.

Quyidagilar deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi:

  • sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
  • saylov kuniga qadar so‘nggi 5 yil mobaynida O‘zbekistonda muqim yashamagan fuqarolar;
  • Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya,ya Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
  • diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari.

Fuqaro nomzodlar va saylovlar haqida birinchi galda nimalarni bilishi kerak?

Fuqarolar nomzodlar va partiyalarning dasturlarini o‘rganib chiqishi, ular qaysi muammolarga yechim topmoqchi va saylovchilarning manfaatlarini qanday hal qilmoqchi ekanini tushunib olishi muhim.

E-saylov saytida barcha nomzodlar ro‘yxati bilan tanishish mumkin.

Buning uchun “Deputatlikka nomzodlar ro‘yxati” bo‘limini tanlash, so‘ng “Nomzodlar ro‘yxatini ko‘rish” havolasini bosish kerak. Shundan keyin filtrni sozlash kerak:

Saylov turi:

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga saylov;
  • Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov;
  • Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylovlar.

“Qonunchilik palatasiga saylov” tanlanganida saylov tizimini — “Saylov okruglari bo‘yicha nomzodlar” yoki “Partiya ro‘yxati bo‘yicha nomzodlar"ni ham tanlash kerak bo‘ladi.

Keyin partiyalardan birini tanlash kerak, shundan so‘ng tegishli partiyadan barcha nomzodlar ro‘yxati chiqib keladi. Nomzodlarni saytning yuqori o‘ng burchagidagi qidiruv shakli (“Nomzodlarni qidirish”) orqali ham topish mumkin.

Qonunchilik palatasiga saylovda qatnashayotgan alohida nomzod tanlab, ismining ustiga bosilsa, uning tarjimai holi va dasturining bir qismi chiqib keladi. Jo‘qorg‘i Kenges va mahalliy kengash deputatligiga nomzodlarda faqat ismi-sharifi, surati hamda tug‘ilgan sanasi va joyi ko‘rsatilgan.

Partiyalar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va o‘z saytlarida ham Qonunchilik palatasiga nomzodlar haqida axborotlarni e’lon qilib boryapti.

“Gazeta.uz” mahalliy kengashlarga nomzodlar haqidagi axborotlar masalasida bir necha partiyaga murojaat qildi. Ulardan biri nomzodlar haqida ko‘chalardagi bannerlar orqali ma’lumot olish mumkinligini aytgan bo‘lsa, boshqa bir partiya vakillari kengashlarga nomzodlar ro‘yxatini saytga chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqishlarini bildirdi.

Partiyalarning dasturlari va ularning platformalari

Saylovoldi tashviqoti davrida aksariyat nomzodlar o‘z partiyalarining dasturlariga qarab mo‘ljal oladi, ba’zida o‘z tashabbuslariga tuman yoki mamlakat hayotiga daxldor masalalarni ham kiritadi.

Partiyalarning dasturlari:

“Gazeta.uz” partiya rahbarlari o‘rtasidagi debatlardan iqtiboslarni, shuningdek, partiyalarning dasturlari bir-biridan qanday farq qilishi haqida materiallarni e’lon qilgan edi.

Yangi saylov tizimi avvalgisidan nimasi bilan farq qiladi?

Shu vaqtgacha Qonunchilik palatasiga saylovlar aniq bir deputatga ovoz berishni ko‘zda tutuvchi majoritar tizim asosida o‘tkazilardi. Ya’ni, ovozlarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritgan nomzod saylov g‘olibi deb topilardi.

Bu yil parlament saylovi tarixda birinchi marta majoritar va proporsional usullarni o‘zida jipslashtirgan aralash tizimda o‘tkaziladi. Saylovchilar aniq bir nomzodga ovoz beradishgan majoritar tizimdan farqli o‘laroq, proporsional tizimda fuqarolar siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Har bir partiya o‘z nomzodlarining partiyaviy ro‘yxatini shakllantiradi va, saylovlar yakuniga ko‘ra, qaysi partiya ko‘proq ovoz olgan bo‘lsa, o‘shaning nomzodlari parlamentga o‘tadi.

Parlamentdagi mandatlar har bir tomonidan qo‘lga kiritilgan ovozlar soniga proporsional tarzda taqsimlanadi. Ya’ni, partiya qancha ko‘p ovoz olgan bo‘lsa, Qonunchilik palatasidan shuncha ko‘p kursini egallaydi.

Shu tariqa, bu safargi saylovda 75 deputat bir mandatli okruglarda majoritar tizim asosida, qolgan 75 deputat esa partiya ro‘yxatlari asosida proporsional tizim asosida saylanadi.

Majoritar tizimda o‘rinlar qanday taqsimlanadi?

Yuqorida qayd etilganidek, 75 deputat bir mandatli okruglar bo‘yicha majoritar tizim asosida saylanadi. Okruglar vakillik darajasi teng bo‘lishi uchun saylovchilar sonidan kelib chiqib shakllantiriladi. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidan saylanajak deputat qo‘shni tumanlar manfaatlarini ham himoya qilishi mumkin, chunki har bir okrug bir necha aholi punktini qamrab olishi mumkin.

Mamlakatda 19,8 mln saylovchi ro‘yxatga olingan va ular imkon qadar teng miqdorda okruglar bo‘yicha ajratib chiqiladi — ya’ni, har bir okrugdagi saylovchilar soni boshqasidan keskin farq qilmasligi kerak.

75 deputatni saylash uchun 75 ta bir mandatli okruglar tashkil etiladi. Har bir okrugga qancha saylovchi to‘g‘ri kelishini aniqlash uchun 19,8 mln saylovchini 75 okrugga bo‘lish kerak — shunda har bir okrugga o‘rtacha 264 ming atrofida saylovchi to‘g‘ri keladi.

Toshkentda 1,88 mln saylovchi ro‘yxatga olingan, shaharda 6 ta okrug bor. Taqqoslash uchun, Toshkent viloyatida 7 ta, Navoiy viloyatida esa 3 ta okrug tashkil etilgan.

Yangi o‘zgarishlarga muvofiq, endi raqobatchilariga nisbatan eng ko‘p ovoz olgan nomzod saylov g‘olibi hisoblanadi. Ya’ni, endi avvalgidek kamida 50 foiz saylovchining ovozini qo‘lga kiritish shart emas, shu bois bu saylovda ikkinchi tur ko‘zda tutilmagan.

Proporsional tizimda o‘rinlar qanday taqsimlanadi?

Qonunchilik palatasidagi 75 ta o‘rin partiyalar ro‘yxati asosida proporsional tizim bo‘yicha taqsimlanadi. Har bir partiyaning ro‘yxatida 100 nafardan nomzod bor.

Tasavvur qilaylik, Qonunchilik palatasiga saylovlarda ro‘yxatga olingan jami 19,8 mln saylovchidan 13,125 mln nafari (66 foizi) ovoz berdi.

Parlamentdan o‘rin olish saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini qo‘lga kiritish kerak. Ya’ni, partiya parlamentda mandatga ega bo‘lishi uchun jami ovozlarning 7 foizini olishi kerak (bizning misolimizda 7 foizlik qiymat 918,75 ming ovozni tashkil etadi).

Misolni yanada osonlashtirish uchun, har bir partiya qancha ovoz olganini ko‘rib chiqaylik:

  • “A” partiyasi — 2 975 000 ovoz;
  • “B” partiyasi — 2 800 000 ovoz;
  • “V” partiyasi — 2 625 000 ovoz;
  • “G” partiyasi — 2 450 000 ovoz;
  • “D” partiyasi — 2 275 000 ovoz.

Shunday qilib, tasavvurimiz bo‘yicha, beshala partiya ham minimum vazifani bajarib, parlamentga o‘tdi.

Keyin jami ovozlar sonini parlamentdagi o‘rinlar soni (75 ta)ga bo‘lib, saylov koeffitsiyenti hisoblab chiqiladi: 13 125 000 / 75 = 175 000.

Endi har bir partiya olgan ovozlar sonini saylov koeffitsiyenti (175 000)ga bo‘lib, har bir partiya nechtadan o‘rin olishini chiqaramiz:

  • “A” partiyasi — 2 975 000 / 175 000 = 17;
  • “B” partiyasi — 2 800 000 / 175 000 = 16;
  • “V” partiyasi — 2 625 000 / 175 000 = 15;
  • “G” partiyasi — 2 450 000 / 175 000 = 14;
  • “D” partiyasi — 2 275 000 / 175 000 = 13;

Taqsimlangan o‘rinlar yig‘indisi: 17 + 16 + 15 + 14 + 13 = 75 mest.

75 ta mandatning barchasi hech bir qoldiqsiz taqsimlanadi. Agar nomzod vakolatidan voz kechsa yoki uning o‘rni bo‘shasa, partiya ro‘yxatida undan keyingi o‘rinda turgan nomzod deputat sifatida ro‘yxatga olinadi.

Ayrim partiyalarning ro‘yxatlarida amaldagi vazirlarni ko‘rish mumkin, ular saylovdan so‘ng o‘z deputatlik o‘rinlaridan voz kechib, o‘rnini boshqa nomzodlarga bo‘shatishi mumkin.

Saylov uchastkamni qanday topaman?

Doimiy yoki vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi orqali ovoz berish mumkin. Boshqa hududda ta’lim olayotgan talabalar oliygoh huzurida tashkil etilgan saylov uchastkasida ovlz beradi.

Har bir saylovchi o‘z saylov uchastkasini Markaziy saylov komissiyasi saytida yoki Yagona portal orqali, pasport seriya va raqami, shuningdek, tug‘ilgan sanasini kiritish orqali topishi mumkin.

Saylov kuni

Saylov kodeksiga muvofiq, ovoz berish jarayoni tonggi soat 8:00 dan kechki 20:00 ga qadar davom etadi. Xorijiy davlatlardagi ovoz berish jarayonlari o‘sha yerdagi mahalliy vaqt bo‘yicha 8:00 dan 20:00 gacha bo‘lib o‘tadi.

Saylov uchastkasiga shaxsni tasdiqlovchi quyidagi hujjatlarning biri bilan kelish mumkin:

  • fuqaro pasporti yoki ID-kartasi;
  • xorijga chiqish pasporti;
  • harbiy guvohnoma;
  • yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;
  • fuqarolik pasportini yo‘qotgan fuqarolarga ichki ishlar organlaridan berilgan vaqtinchalik ma’lumotnoma.

Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Biror-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi. Har bir saylovchi o‘zi uchun mustaqil ovoz beradi. Byulletenni boshqa odam uchun ham ovoz bermoqchi bo‘lga shaxslarga, xususan, shaxsning oila a’zolariga berish taqiqlanadi.

Saylovchining so‘roviga ko‘ra, saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar berilishi mumkin.

Qanday ovoz beriladi?

Byulleten namunalari.Byulleten namunalari.

Saylov kuni saylovchilarga ovoz berish uchun to‘rtta byulleten beriladi. Byulletenlar rangi saylov turiga qarab farqlanadi: Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi uchun — moviy, yagona saylov okrugi uchun — yashil, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari saylovi uchun — sariq, tuman va shahar kengashlari saylovi uchun — kulrang.

Birinchi varaqada Qonunchilik palatasi uchun aniq bir deputatni (majoritar tizim), ikkinchisida — aniq bir partiyani (proporsional tizim), keyingi ikkitasida esa, mos ravishda, viloyat va tuman (shahar) kengashlari uchun deputatlarni tanlash kerak bo‘ladi.

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va OAV vakillari mustasno.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi, siyosiy partiyaning nomi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga “+” yoki “√” yoxud “x” belgisini qo‘yadi.

Muhim eslatma: Ovoz berish chog‘ida bir necha kvadratga “+” yoki “√” yoxud “x” belgisi qo‘yilgan bo‘lsa yoki birorta kvadrat belgi qo‘yilmagan bo‘lsa, bunday byulletenlari haqiqiy emas deb topiladi va ovozlarni sanashda hisobga olinmaydi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, (chap tomondagi yuqori burchakni qirqib qo‘yish orqali) bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.

Saylov uchastkasi boshqa hududda-yu, saylovchining o‘zi Toshkentda bo‘lsa, nima qilish kerak?

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi. Saylov komissiyalari ro‘yxatga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin, ammo bu jarayon saylovga besh kun qolganida to‘xtatiladi.

Ya’ni, doimiy yashash manzili boshqa viloyatda ro‘yxatga olingan fuqarolar 22-oktabrgacha haqiqiy yashash joyi (masalan, Toshkent)dagi saylov uchastkasiga murojaat qilib, uning ismini saylovchilar ro‘yxatiga kiritishni so‘rashi kerak edi.

Ayni vaqtda, Markaziy saylov komissiyasidan “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishlaricha, fuqarolar saylov kuni ham boshqa uchastkalar orqali ovoz berishi mumkin, faqat buning uchun uchastka saylov komissiyasi raisi nomiga fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga ilovaga kiritish haqida ariza yozish kerak. Bunda shaxsni, fuqarolikni va yashash joyini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish kerak bo‘ladi.

Ariza shakli.Ariza shakli.

Shundan so‘ng komissiya kotibi ariza bergan saylovchi Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida bor-yo‘qligini tekshiradi. Doimiy yoki vaqtincha yashash joyi haqidagi ma’lumotdan kelib chiqib, kotib ariza bergan fuqaroni mazkur saylov uchastkasi saylovchilari ro‘yxatiga qo‘shish yoki qo‘shmaslik haqida qaror chiqaradi.

U fuqaro ro‘yxatga olingan uchastka saylov komissiyasining raisi bilan bog‘lanib, fuqaro ovoz berganmi-yo‘qmi, shuni aniqlashtiradi. Agar saylovchi hali ovoz bermagan bo‘lsa, komissiya raisini saylovchi mazkur saylov komissiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilishi haqida xabardor qiladi. Agar komissiya raisi bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmasa, kotib ko‘rsatib o‘tilgan harakatlarni amalga oshirish uchun ishchi guruhga murojaat qiladi.

Quyidagi hollarda fuqaro saylovchilarning qo‘shimcha ro‘yxatiga kiritilishi rad etilishi mumkin:

  • agar saylovchi boshqa uchastkada ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa;
  • agar saylovchi doimiy va vaqtincha yashash joyi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilmagan bo‘lsa.

Ushbu jarayon Markaziy saylov komissiyasining 2-iyuldagi (1343-son) qarori 63-bandida ko‘rsatib o‘tilgan.

Saylov byulletenini suratga olish mumkinmi?

Fuqaro o‘z byulleteni yoki saylov uchastkasini (tashqaridan yoki ichkaridan, shuningdek, ovoz berish kabinasi yo xonasidan) suratga olishiga taqiq yo‘q.

Ammo byulleten fotosuratini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish qat’iyan taqiqlanadi, chunki bu “yashirin ovoz berish tamoyili buzadi”. Markaziy saylov komissiyasi 2-iyul kuni byulletenlarni foto va videoga olish hamda kadrlarni, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlanishi haqida qaror qabul qilgan.

Turli partiyalarning boshqa-boshqa nomzodlariga ovoz berish mumkinmi?

Ha, fuqarolar har xil bo‘g‘inlarda — tuman, viloyat kengashlari va Oliy Majlis uchun ovoz berishda boshqa-boshqa partiyalarning nomzodlarini tanlashi mumkin, chunki saylovning har bir bo‘g‘ini boshqa-boshqa maqsad va vazifalarni ifodalaydi.

Men ovoz bergan partiya kam ovoz olsa, nima bo‘ladi?

Agar partiya kamroq ovoz olsa, parlamentga bu partiyadan kamroq vakil o‘tadi. Biroq nomzodlari parlamentga o‘tgan boshqa partiyalar va ularning deputatlari mamlakatning barcha fuqarolari manfaati yo‘lida ishlashi va qonunlarni qabul qilishi kerak.

Qonunchilik palatasida oddiy qonunlarni qabul qilish uchun ovozlarning yarmidan ko‘pini, ya’ni, kamida 76 deputatning ovozini olish kerak. Konstitutsiya yoki konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda, shuningdek, ularga o‘zgartish va tuzatishlar kiritishda esa ovozlarning uchdan ikki qismi — 100 ta deputat ovozi zarur bo‘ladi. Ya’ni, parlamentda kamroq o‘rinni olgan partiyalar koalitsiyalarga birlashib, o‘z saylovchilarining tashabbuslarini ilgari surishi mumkin.

Kengash deputatlarining ishi uchun haq to‘lanadimi?

Mahalliy kengashlarning deputatlari jamoatchilik asosida ishlaydi, chunki ularning faoliyati mahalliy xarakterga ega. Bu ularga o‘zining asosiy ish joyini saqlab qolib, deputatlik vazifalarini ham bajarish imkonini beradi. Avvalroq tuman va shahar kengashlarida 2−3 deputat doimiy asosda ishlab, buning uchun mahalliy budjetdan maosh ham olishi taklif qilingan edi, ammo bu bo‘yicha hali biror hujjat qabul qilinganicha yo‘q.

Oliy Majlis deputatlari boshqa ishda ham ishlashi mumkinmi?

Yo‘q. Qonunchilik palatasi deputatlari ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Bu manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va e’tiborni to‘liq qonun ijodkorligiga qaratish uchun ham zarur.

Deputatlik o‘rni uchun mustaqil nomzodlar ham da’vogarlik qilishi mumkinmi?

O‘zbekistonda prezidentlik va deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilishi mumkin. 2009-yil iyuligacha O‘zbekistonda saylovchilarning tashabbuskor guruhlari tomonidan mustaqil nomzodlarni ko‘rsatish imkoniyati bo‘lgan.

Shunga qaramay, hozirgi parlamentga baribir mustaqil nomzodlar o‘tishi mumkin. Hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki partiyalarning nomzodlar ro‘yxati orqali — bu ro‘yxatlarga partiyasiz nomzodlarni ham kiritishga ruxsat berilgan.

Saylovning “bo‘lib o‘tgan” deb topilishi qanchalik muhim? Saylov “bo‘lib o‘tmagan” deb ham topilishi mumkinmi?

Saylovning “bo‘lib o‘tgan” deb topilishi juda muhim. Agar saylovchilar faolligi sust bo‘lsa, xususan, unda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan jami saylovchilarning 33 foizdan kami ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning hech biri saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini to‘plamagan bo‘lsa, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan deb topiladi.

Saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari (hududlari) bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bu haqdagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu qaror ustidan Oliy sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Saylovdan keyin nima bo‘ladi?

O‘zbekistonda deputatlar saylovi yakuniga yetganidan so‘ng, hokimiyat organlarining yangi tarkibini shakllantirish jarayoni boshlanadi.

Oliy Majlisga saylovlardan so‘ng, hukumat — bosh vazir va barcha vazirlar bilan birga — yangi saylangan parlament oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Bu qonunchilik organi yangilanganidan so‘ng ijro hokimiyatini qayta ishga tushirishga qaratilgan standart bir jarayondir.

Saylovdan so‘ng hukumatni qayta ishga tushirish va qayta shakllantirish qonunchilik va ijro hokimiyatining kelishilgan holda faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur. Parlamentning yangi tarkibi mamlakatning siyosiy yo‘liga ta’sir ko‘rsatishi mumkin va bunda hukumat saylovchilarning manfaatlarini ifoda etuvchi deputatlar tomonidan belgilab berilgan yangi ustuvorliklarga muvofiq holda ishlashi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi.

Yangi parlament shakllanganidan keyin bir oy ichida O‘zbekiston prezidenti barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazib, ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga kiritadi.

Bosh vazir lavozimiga nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bosh vazir nomzodi uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi ovoz bersa, u ma’qullangan hisoblanadi.

Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, prezident bosh vazirni o‘zi tayinlaydi va Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.

Bosh vazir nomzodi ma’qullangach, yangi hukumat tarkibini shakllantirish boshlanadi.

Vazirlar Mahkamasi a’zolari (bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar) Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi. Buning uchun nomzodlar deputatlarning yarmidan ko‘pining ovozini olishi kerak.

Hukumatning yangilanishi: Har doim ham yangilar keladimi?

Saylovlardan keyin har doim ham hukumat tarkibi to‘liq yangilanmaydi. Ko‘pincha aksariyat vazirlar o‘z lavozimida qoladi, ayniqsa, ularning faoliyati ijobiy baholangan va yangi hukumatning siyosiy yo‘liga muvofiq bo‘lsa.

Shunga qaramay, ayrim vazirlar parlament va hukumatning yangi tarkibi oldida turgan siyosiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib almashtirilishi mumkin.

Avvalgi parlament saylovidan keyin deputatlar 2020-yili nomzodi ko‘rsatilgan 35 vazir va bosh vazir o‘rinbosarlarining barchasini ma’qullagan edi (jarayon qanday bo‘lgani haqida).

Qanday holatlarda senator yoki deputat vakolatlaridan mahrum etilishi mumkin? Shunday holatlar bo‘lganmi?

Deputat yoki senatorning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin:

  • u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
  • u qonunga ko‘ra deputatlik, senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq bo‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
  • unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
  • deputat, senator haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda;
  • tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida 30 yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;
  • chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;
  • partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda
  • u chaqirib olingan taqdirda;
  • sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan taqdirda;
  • u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda;
  • u O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;
  • u vafot etgan taqdirda;
  • palata tarqatib yuborilgan taqdirda.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining senator etib saylangan deputati vakolatlarining muddatidan ilgari tugatilishi uning senatorlik vakolatlari tugatilishiga olib keladi.

Alohida hollarda deputatning, senatorning vakolatlari tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Deputat, senator degan yuksak nomga dog‘ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani ko‘rib chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Fuqarolar qaysi bo‘g‘indagi deputatlar bilan muloqotga kirishishi mumkin?

Oddiy fuqaro obodonlashtirish kabi lokal masalalar shug‘ullanuvchi mahalliy kengash deputatlari bilan ham, mamlakat miqyosida saylovchilarning manfaatlarini himoya qilishi mumkin bo‘lgan Qonunchilik palatasi deputatlari bilan muloqotga kirishishi mumkin.

Deputat oddiy odamga qanday yordam berishi mumkin?

Deputatlar yo‘llarni ta’mirlash, maktablar qurish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish kabi lokal masalalarni hal qilishda, shuningdek, aholi turmushi sifatini oshirishga xizmat qiluvchi qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqishi mumkin.

Deputat va partiyalar faoliyatini qanday kuzatib borish mumkin?

Deputatlar va partiyalar faoliyati jamoatchilik nazorati uchun ochiq bo‘lishi kerak. Ochiqlikni OAVlar, partiya va deputatlarning rasmiy saytlari, ularning faolyati haqidagi hisobotlar berib boriladigan ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali ta’minlash mumkin.

Xususan, Qonunchilik palatasi saytida u yoki bu deputat qanday fikrlar bildirayotgani va maqolalar chiqarayotgani bilan tanishish mumkin. Parlamentning ba’zi a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda ham faol, jumladan, saylovchilar bilan uchrashuvlari haqida ham xabar berib turadi.

Xorijiy mamlakatlarda aniq bir qonun bo‘yicha u yoki bu deputat qanday ovoz bergani haqidagi axborot ham e’lon qilib boriladi. O‘zbekistonda deputatlar qonunlarni yashirin ovoz berish yo‘li bilan qabul qiladi.