Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Elyor Oltiyev Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tayinlovga qadar Elyor Oltiyev Milliy tibbiyot markazi direktorining hududlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
U 2011-yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutining bakalavriat bosqichini, 2017-yil Buxoro davlat tibbiyot institutining klinik ordinaturasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasida boshlagan.
Turli yillarda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, Kogon shahar va Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmalari boshlig‘i, shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi direktorining hududlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vazirligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i kabi qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.