O‘zbekiston ichki ishlar organlari tizimida “keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar” davom etadi, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev xodimlar va faxriylarni kasb bayrami bilan tabriklagan nutqida.

“Bugungi shiddatli taraqqiyot asrida ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish — mamlakatimizda huquq-tartibotni yanada mustahkamlashning muhim omili bo‘lmoqda”, — dedi davlatimiz rahbari.

“Yangi turdagi jinoyatlar hamda axborot vositalari yordamida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ta’sirchan mexanizmlarni qo‘llash, kriminogen vaziyat bo‘yicha „qizil“ toifada bo‘lib kelayotgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida jinoyatchilikni jilovlash yuzasidan manzilli ish olib borishimiz, tergov sifatini oshirish orqali aholi o‘rtasida bu sohada adolatga bo‘lgan qat’iy ishonchni shakllantirishimiz lozim”, — deya ta’kidladi u.

“Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xalqimiz o‘z kundalik hayotida doimo sezishi, his etishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ichki ishlar xodimlarining “mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik, osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi xizmatlari” hamda ichki ishlar organlarini “o‘z mamlakati va xalqi manfaatlariga xizmat qiluvchi chinakam xalqchil professional tuzilmaga” aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi.

“So‘nggi yillarda barcha mahallalarda xavfsiz, tinch va osoyishta muhit yaratish, hududlarda ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha muhim natijalarga erishildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun profilaktika, probatsiya va patrul-post xizmati inspektorlari faoliyatiga raqamli texnologiyalar joriy etilib, xodimlarning bilim darajasi oshirilmoqda.

“Yosh avlodimizning sog‘lom hayoti va kelajagini ta’minlash uchun giyohvandlikning oldini olish, yoshlarda bunday vositalarga nisbatan kuchli immunitetni shakllantirish hamda ularning noqonuniy aylanmasiga, ayniqsa, internet tarmoqlari orqali tarqalishiga chek qo‘yishga qaratilgan milliy strategiyamizni qabul qildik va uni qat’iy ijro etishga kirishdik” — dedi davlat rahbari.

Ichki ishlar xodimlari kuni munosabati bilan prezident bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Xususan, Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari (1991−2006) Zokirjon Almatovga “Xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berildi.