Kosmik fan va texnologiyalarning yutuqlari hamda insoniyat hayotini yaxshilashga qo‘shgan hissasini xalqaro darajada nishonlash maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan Butunjahon kosmos haftaligida bu yil ilk bor O‘zbekiston ham qatnashdi. Bunday tadbirni o‘tkazish g‘oyasi BMTning 1999-yili Venada bo‘lib o‘tgan Kosmik fazodan tinch maqsadda tinchlik maqsadida foydalanish va tadqiq etish bo‘yicha uchinchi konferensiyasida o‘rtaga tashlangan.

Shundan beri har yili 4−10-oktabr kunlari butun dunyoda kosmos haftaligi nishonlanadi. Bu sanalar bejiz tanlanmagan: 1957-yil 4-oktabr kuni SSSR Yerning ilk sun’iy yo‘ldoshini uchirgan, 1967-yilning 10-oktabrida esa AQSh, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi “Kosmosni tadqiq etish bo‘yicha davlatlarning faoliyatlari tamoyillari to‘g‘risidagi bitim”ni imzolagan. Tadbirda kosmik agentliklar, aerokosmik kompaniyalar, maktablar, planetariylar, muzeylar va astronomiya klublari qatnashadi. Har yil uchun ma’lum bir mavzu tanlanib, barcha faolliklar shu mavzu atrofida uyushtiriladi.

Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiFoto: “O‘zbekkosmos” agentligi

Bu yil “O‘zbekkosmos” agentligi boshqa hamkorlar bilan birgalikda uchinchi bor NASA Space Apps Challenge xakatonini o‘tkazdi. Musobaqalar Toshkentdagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tdi. Tadbir birinchi marta Butunjahon kosmos haftaligi doirasida tashkil o‘tkazildi. Ma’lumot uchun, NASA tomonidan bundan 12 yil avval yo‘lga qo‘yilgan ushbu tashabbus har yili jahonning 185 mamlakatidan 280 mingdan ziyod yoshlarni jamlaydi.

Eng yirik kosmik xakatonni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad — iste’dodlarni saralab olib, ularni qo‘llab-quvvatlash, global mavzular bo‘yicha dunyoqarashni kengaytirish hamda yangi kosmik loyihalarni xalqaro maydonda targ‘ib qilish.

O‘zbekistonda bunday xakatonlarning birinchisi 2022-yili “O‘zbekkosmos” tashabbusi bilan Inno Technopark biznes-markazida o‘tkazilgan edi. Unda 30 jamoa — umumiy hisobda 130 ga yaqin kishi qatnashgandi. Ular ishlagan loyihalar kosmik biologiya, radioaloqa, Yer iqlimini koinotdan turib kuzatish va boshqa shu kabi mavzularga aloqador edi.

Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiFoto: “O‘zbekkosmos” agentligi

“NASA Space Apps Challenge xakatonida qatnashish O‘zbekiston jamoalariga nafaqat xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish, shu bilan birga NASA’ning ochiq ma’lumotlaridan foydalangan holda global muammolar uchun yechimlar taklif etish imkonini ham beradi. Bu tadbir iste’dodlarni va O‘zbekistonning kosmik sohasi uchun bo‘lajak salohiyatli mutaxassislarni aniqlash maydonchasi bo‘lib xizmat ham qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda bu sohaning rivojlanishiga, yoshlarning kosmik tadqiqotlar va innovatsiyalarga qiziqishi oshishiga ko‘maklashadi”, — deydi O‘zbekistondagi xakaton tashabbuskori Ahror A’zamov.

Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiFoto: “O‘zbekkosmos” agentligi

Xakaton yoshi, jinsi, ta’lim darajasi va yashash joyidan qat’i nazar, barcha xohlovchilar uchun ochiq bo‘lib, unda ishtirok etish uchun quyidagi shartlarni bajarish kerak edi:

  • NASA Space Apps Challenge rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tish;
  • 2−6 kishidan iborat jamoa shakllantirish yoki mavjud biror jamoaga qo‘shilish;
  • NASA ekspertlari tomonidan xakaton ishtirokchilari oldiga qo‘yilgan 20 ta dolzarb vazifa ro‘yxati bilan tanishib chiqib, ulardan birini ishlash uchun olish;
  • NASA ma’lumotlari va boshqa ochiq resurslardan foydalangan holda, 48 soat ichida tanlangan vazifani yechishga yo‘naltirilgan loyihani ishlab chiqish;
  • Tanlangan vazifadan kelib chiqqan holda, o‘zida dasturlar ishlab chiqish, vizualizatsiyalar tayyorlash, ma’lumotlarni tahlil qilish, ta’lim materiallarini tayyorlash yoki boshqa innovatsion yechimlarni jamlagan loyihani taqdim etish.

“Bu yilgi xakatonda kosmos va ekzosayyoralar haqida interfaol ta’lim vositalarini ishlab chiqishdan tortib iqlim va atrof-muhit haqidagi ma’lumotlarni vizuallashtirishga imkon beruvchi dasturlarni ishlab chiqishgacha xilma-xil vazifalar qo‘yildi. Ba’zi jamoalar kosmos mavzusidagi o‘yinlar tayyorlash yoki boshqa sayyoralardan olingan seysmik ma’lumotlarni tahlil qilish imkonini beruvchi vositalarni ishlab chiqish ustida bosh qotirdi. Ishtirokchilar o‘z ijodkorliklari, texnik ko‘nikmalari va ilmiy ma’lumotlar bilan ishlay bilish mahoratlarini namoyish etishlari kerak edi”, — deydi Ahror A’zamov.

Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiFoto: “O‘zbekkosmos” agentligi

NASA Space Apps Challenge 2024 uch bosqichda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistondagi xakaton amalda xalqaro musobaqa uchun saralash bosqichi vazifasini o‘taydi. Milliy bosqichdagi bosh mukofot — o‘z loyihalarini yakuniy global bosqichda taqdim eta olish imkoniyatidir. Finalchilar NASA’ning tadqiqot markazlariga taklifnoma oladi hamda mutaxassislar bilan fikr almashib, ularning ilmiy ishlanmalari bilan tanishishi mumkin bo‘ladi. 2025-yil boshida AQShda bo‘ladigan marosimda ularga turli sovrinlar, xususan, Global Winner bosh mukofoti ham topshiriladi.

Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiFoto: “O‘zbekkosmos” agentligi

2023-yili 9 ming jamoa ishtirokida bo‘lib o‘tgan xalqaro bosqichda O‘zbekistondan qatnashgan ikki guruh eng yaxshi loyiha taqdim etganlarning kuchli 550 taligiga kirishga muvaffaq bo‘lgan, ulardan biri esa hatto 40 talikdan o‘rin olgandi.

Bu yil 160 o‘zbekistonlik 35 jamoaga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Ulardan 15 tasi finalga chiqdi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, beshta jamoa xakatonning milliy bosqichi g‘olibi deb topildi, ulardan uchtasi — PhDs, Open Community va AvocadOS global bosqichga chiqdi, qolgan ikkitasi — Galaxy Elite va Geek Armageddon esa mahalliy darajada e’tirof etildi.

Toshkentdagi Sehriyo xususiy maktabi o‘quvchisi va Galaxy Elite jamoasi a’zosi 14 yoshli Maksim Solihov — xakaton g‘oliblaridan biri. U jamoadoshlari bilan birga astronomiya bo‘yicha interfaol darslik loyihasini ishlab chiqqan. Unda murakkab fizik hodisalarni yaqqol tushuntirish uchun qo‘shilgan reallik (AR) texnologiyalardan foydalanilgan.

Galaxy Elite jamoasi a’zosi Maksim Solihov. Foto: “O‘zbekkosmos” agentligi.Galaxy Elite jamoasi a’zosi Maksim Solihov. Foto: “O‘zbekkosmos” agentligi.

“Xakatondan bir yil avval maktabda astronomiya bo‘yicha test sinovlari bo‘lgandi, o‘shanda ko‘pchilik o‘quvchilarda bu borada hatto bazaviy bilimlar ham yo‘qligi ma’lum bo‘lgandi. Aksiga olib, bu fan bizga alohida o‘rgatilmaydi ham. Biz bu vaziyatni tuzatishga qaror qilib, 5−7-sinf o‘quvchilari uchun darslik tayyorladik. Bu darslikning o‘quv dasturi uch qism — astronomiya, injeneriya va AR-texnologiyalardan iborat. Biz endi maktabimiz rahbariyati ichki foydalanish uchun darsliklar chiqara olishi uchun loyihamizni qayta ishlashni rejalashtiryapmiz”, — deydi Maksim Solihov.

Ushbu interfaol darslik eng istiqbolli g‘oya yo mahsulot ishlanmasi uchun taqdim etiladigan MVP (Most Valuable Product) yo‘nalishida eng yaxshi loyiha deb tan olindi.

Azizbek Mo‘minov (markazda). Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiAzizbek Mo‘minov (markazda). Foto: “O‘zbekkosmos” agentligi

Toshkentdagi Amiti universitetining 20 yoshli talabasi Azizbek Mo‘minov mazkur xakatonda ikkinchi bor qatnashdi. O‘tgan yili u XX asrning bir necha yillari davomida Oy sathida yuz bergan sezilarli tektonik harakatlarning interfaol xaritasini tayyorlagan edi. Bu safar esa Azizbek do‘sti Shahriyor Pirnazarov bilan birga orreri (Quyosh tizimining interfaol modeli)ning veb-dasturini ishlab chiqdi. U kosmik obyektlarning Yerga nisbatan joylashuvi va trayektoriyasiga doir NASA ma’lumotlari asosida ishlab chiqilgan. Mazkur orreri yordamida nafaqat sayyoralarning, balki 1,4 mln asteroid va kometalarning ma’lum bir vaqtdagi joylashuvi va xususiyatlarini ko‘rish mumkin.

Yigitlar kelgusida loyihani rivojlantirishni maqsad qilgan — masalan, osmon jismlari haqidagi ma’lumotlar yanada boyitiladi, Quyosh tizimi bo‘ylab virtual reallik rejimida sayohat qilish kabi yangi imkoniyatlar qo‘shiladi.

“O‘tgan yili men Global Nominee — global da’vogar unvonini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandim. Bu safar natijalarim avvalgisidan ham yaxshiroq bo‘ladi, deb o‘ylayman”, — dedi Azizbek.

Milliy bosqich g‘olibiga aylangan jamoalarning a’zolari. Foto: “O‘zbekkosmos” agentligiMilliy bosqich g‘olibiga aylangan jamoalarning a’zolari. Foto: “O‘zbekkosmos” agentligi

Hozirda g‘olib deb topilgan loyihalar xalqaro hakamlikka yuborilgan. Xakatonning ikkinchi bosqichi rasman 2024-yil 29-oktabr kuni — barcha finalchilar nomi ma’lum bo‘lgach, yakuniga yetadi. Ular orasidan hakamlar hay’ati 10 ta g‘olibni tanlab oladi. G‘oliblar nomi NASA’ning ijroiya qo‘mitasi tomonidan 2025-yil 16-yanvarda tashkilot rasmiy saytida e’lon qilinadi.