HAMAS guruhi tomonidan ushlab turilgan isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar ushbu dam olish kunlarida pauzadan ikki oy o‘tib qayta boshlanadi, deb xabar bermoqda Reuters va CNN.

Muzokaralarning navbatdagi raundida Isroilning “Mossad” razvedka xizmati rahbari David Barnea, Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns va Qatar bosh vaziri Muhammad ibn Abdulrahmon Ol Soniy ishtirok etadi.

“Tomonlar so‘nggi voqealar fonida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashning turli variantlarini muhokama qiladi”, — deyiladi Isroil bosh vaziri matbuot xizmati xabarida.

Shu bilan birga, CNN manbalariga ko‘ra, AQShda prezidentlik saylovlarigacha bu muzokaralarda muvaffaqiyat qozonish ehtimoli kam. Ularning ta’kidlashicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShning navbatdagi prezidenti kim bo‘lishini bilmaguncha G‘azodagi mojaroning kelajagi haqida jiddiy qaror qabul qilishni istamaydi. Netanyahu amaldagi prezident Jo Bayden yoki vitse-prezident, demokratlar nomzodi Kamala Harrisdan ko‘ra uning maqsadlariga xayrixohroq bo‘lgan respublikachilar nomzodi Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelishiga umid qilmoqda.

O‘tgan hafta Isroil HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar G‘azo sektoridagi operatsiya paytida o‘ldirilganini tasdiqladi. Uning o‘limidan so‘ng bir qator G‘arb davlatlari, jumladan, AQSh ham o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar qayta tiklanishiga umid bildirdi.

Netanyaxuning o‘zi garovga olinganlar ozod qilinmaguncha G‘azo va Livanda urushni davom ettirishga va’da berdi. Avvalroq u, shuningdek, Isroil HAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishmoqchi ekanini bir necha bor aytgandi.

G‘azoda sulh va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar Misr, Qatar va AQSh vositachiligida olib borilmoqda. Ko‘p oylar davomida tomonlar bitimning asosiy jihatlari bo‘yicha kelishuvga erisha olmay kelmoqda.

Isroil va XAMAS o‘rtasidagi mojaro xronologiyasi:

  • 2023-yil 7-oktabrda HAMAS Isroilga hujum qilib, kamida 1200 kishini o‘ldirdi va 200 dan ortiq kishini garovga oldi. Isroil rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azoda HAMAS asirligida yana 100 nafar tirik va o‘lik garovga olinganlar bor.
  • Hujumga javoban Isroil G‘azo sektori nazorati ostida bo‘lgan HAMASga qarshi urush e’lon qilgan, anklavga kuchli havo zarbalari bera boshlagan va u yerga qo‘shin yuborgan.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro paytida mintaqada 40 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.