26−27-oktabr, dam olish kunlari O‘zbekistonga janubi-g‘arbdan nam havo massalari kirib kelishi hisobiga beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet matbuot xizmati xabar berdi.

25-oktabr, juma kunining ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Shanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha kechasi va ertalab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shimoliy hududlar bo‘yicha kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

Havo harorati kunduzi 25-oktabrda +18…+23, 26-oktabrda +13…+15, 27-oktabrda esa +17…+19 daraja atrofida bo‘ladi.

Shamol sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yomg‘ir kuchli yog‘ishi mumkin, baland tog‘li hududlarda qorga aylanadi.

Poytaxtda 26-oktabrda kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. 27-oktabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.