Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev O‘zbekistonda so‘nggi 4 yilda yoshlar tomonidan qayd etilgan IELTS natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi. U bu haqida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan sessiyada gapirdi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Ma’lumot o‘rnida, IELTS (International English Language Testing System) ingliz tilidagi bilimlarni baholash bo‘yicha xalqaro tizim hisoblanadi.

Alisher Sa’dullayevning aytishicha, bu davrda 30 mingga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar IELTS`dan 7 dan baland natija qayd etgan. 8 ball olganlar soni 3 mingga yaqin bo‘lsa, 30 nafar yoshlar IELST`dan maksimal natija — 9 ball olgan.

“Biz bu ko‘rsatkichni 100 mingga olib chiqmoqchimiz. Lekin bitta muhim chaqiriq bilan. Avvalambor barchamiz o‘zimizning ona tilimizda yaxshi gapiraylik, ona tilimizni yaxshi o‘rganaylik”, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 1-maydan boshlab IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT imtihonlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda. Bunda, imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun ularning har biri bo‘yicha minimal ko‘rsatkich belgilangan. Misol uchun, IELTS orqali bilimlarini sinab ko‘rgan yoshlar kompensatsiya olishi uchun kamida 7 ballik sertifikatni qo‘lga kiritishi kerak.

2023-yil 3-mart kuni O‘zbekistonda ilk bor IELTS imtihonida 9 balli natija qayd etilgani xabar qilingandi.