Qirg‘izistonda davlat madhiyasini qayta yozishmoqchi. Parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev bu haqda gapirdi, deya xabar bermoqda 24.kg nashri.
“Biz amaldagi madhiyamizni Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqqanimizda qabul qilganmiz. Hozir oyoqqa turgan va taraqqiyot yo‘lidan borayotgan davlatmiz. Sobiq prezidentlardan biridan chet elda madhiyamizni eshitganda, barcha qushlar uchib ketgani haqidagi voqeani eshitganman. O‘sha mamlakat madhiyasi yangrayotganda esa qushlar qaytib qo‘ngan”, — dedi Nurlanbek Shakiyev.
“Biz madhiyamizni 5 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar oson kuylashi uchun qayta yozamiz”, — deb qo‘shimcha qildi spiker.
Qirg‘iziston davlat madhiyasi 1992-yil 18-dekabrda Oliy Kengashining qarori bilan tasdiqlangan. Dastlab u uch band va naqarotni o‘z ichiga olgan, ammo 2012-yil 27-dekabrda Jogorku Keneshining qarori bilan ikkinchi band olib tashlangan (madhiya matni bu yerda).
2023-yil oxirida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat bayrog‘ini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi. Bayroqdagi quyoshning to‘lqinli nurlari endilikda to‘g‘ri holatda bo‘ladi. Bayroqning eski versiyasidagi quyosh, Japarovning so‘zlariga ko‘ra, “kungaboqarga o‘xshab ketardi”.