CNN, Scientific American va National Geographic nashrlari Nature jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga (PDF) asoslanib, O‘zbekistonning janubi-sharqidagi tog‘larda ikkita o‘rta asr shahrining qoldiqlari topilganini xabar qilmoqda.

Tadqiqotchilar guruhiga Sent-Luisdagi Vashington universiteti antropologi Maykl Fraketti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov rahbarlik qildi. Ularning topilmasi Ipak yo‘li bo‘ylab o‘rta asr jamiyatlarining ko‘p qirraliligi va ko‘lamiga yangicha nigoh tashlaydi hamda ming yildan ortiq vaqt avval Markaziy Osiyoning olis tog‘larida shahar hayoti haqidagi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi, deb yozadi National Geographic.

Olimlar aniqlaganidek, Tugunbuloq va Toshbuloq shaharlari dengiz sathidan 2000 metrdan baland joylashgan. Bugungi kunda sayyoramiz aholisining 3 foizdan kamrog‘i bunday balandliklarda, asosan Tibet yassi tog‘ligi va And tog‘larida istiqomat qiladi.

Guruh dastlab 2011-yilda toqqa sayohat paytida kichikroq shahar bo‘lgan Toshbuloqni topgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, tog‘lardan birining cho‘qqisiga ko‘tarilayotib, ular g‘alati tepaliklar bilan qoplangan tekislikni payqab qolishgan. Bu tepaliklar oddiy ko‘zga unchalik e’tiborli ko‘rinmagan. Shu joyda ular minglab sopol parchalari ham topishgan.

2015-yilda Toshbuloqda qazishma ishlari olib borilayotganda, Frakettiga bu joydan bir necha kilometr narida oilasi bilan yashaydigan o‘rmon xo‘jaligi inspektori murojaat qilib, uyining orqa hovlisida ham shunday turdagi sopol idishlar borligini aytgan.

“Biz u yerga bordik va uning orqa hovlisida o‘rta asr qal’asi turganini ko‘rdik. U [inspektor] buni bilmas ekan. Biz tepalikka chiqib, atrofda yana tepaliklar va piramidasimon shakllarni ko‘rdik va hayratda qoldik: voy xudoyim, bu joy juda katta ekan”, — dedi Fraketti. Shunday qilib, olimlar ikkinchi, kattaroq shahar — Tugunbuloqni topdilar.

Tadqiqotchilar 2022-yilda LiDAR (Light Detection and Ranging, “yorug‘likni aniqlash va masofani o‘lchash”) bilan jihozlangan uchuvchisiz uchish apparati yordamida ikkala shaharni xaritalashtirishdi. Bu real vaqt rejimida atrof-muhitdagi aniq masofalar va harakatlarni o‘lchash uchun lazer nurlaridan foydalanadigan masofadan zondlash texnologiyasidir.

LiDAR ma’lumotlariga ko‘ra, Tugunbuloq taxminan 120 gektar maydonni egallagan, unda 300 dan ortiq inshoot, shu jumladan markaziy qal’a va beshta qo‘riqlash minorasi bo‘lgan.

Toshbuloq maydoni 12 gektardan 15 gektargacha bo‘lgan. Tugunbuloqqa nisbatan kichikroq bo‘lishiga qaramay, unda ham qal’a mavjud edi. Olimlar u yerda Tugunbuloqdagi uylar bilan o‘xshash shakl va o‘lchamga ega bo‘lgan kamida 98 ta ko‘zga tashlanadigan turar-joy topdilar.

Tadqiqotchilarning fikricha, Toshbuloq VI-XI asrlar oralig‘ida, Tugunbuloq esa VIII-XI asrlarda joylashgan.

тошbuлоқ, тuгuнbuлоқ

2022-yilda Tugunbuloqdan topilgan sopol idish. Surat: Maykl Fraketti.

Olimlarning ishonchi komilki, og‘ir ob-havo sharoitiga qaramay, Tugunbuloq va Toshbuloq gullab-yashnagan va bu hududda katta miqdorda topilgan temir rudasini qazib olish uchun qurilgan. Tadqiqot mualliflarining fikriga ko‘ra, shaharlarning joylashuvi kuchli tog‘ shamollaridan metall rudalarini eritishda zarur bo‘lgan yuqori haroratli o‘choqlarni ta’minlash uchun foydalanish maqsadida tanlangan. Chegaralangan qazishmalar davomida arxeologlar ishlab chiqarish pechining qoldiqlarini topdilar.

Shu bilan birga, tadqiqotchilar ta’kidlashlaricha, bu baland tog‘li shaharlarda faqat konchilar yashaydigan manzilgohlar bo‘lmagan. Masalan, Toshbuloq qabristonidan ayollar, keksalar va chaqaloqlarning suyaklari topilgan. Shaharlar nima uchun tashlab ketilgani hozircha noma’lum. Olimlar bu savollarga chuqurroq qazishma ishlari orqali javob topishga umid qilmoqdalar.