Moskvada 2025-yildan boshlab eksperiment tarzida migrantlarga elektron guvohnomalar berish boshlanadi, dedi Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin TASS agentligiga bergan intervyusida.

“Xorij fuqarosining barcha ma’lumotlari: qachon kelgani, biometrik ma’lumotlari, qayerda ishlashi, qayerda ro‘yxatdan o‘tgani, qayerda yashashi va hokazolar elektron guvohnomasiga yuklanadi”, — dedi Sobyanin.

Unga ko‘ra, reydlar davomida politsiya migrantlarning guvohnomalarini o‘qish moslamalari yordamida tekshiradi. Agar hujjatda biror narsa noto‘g‘ri bo‘lsa, politsiyachi chora ko‘rishi shart, deya qo‘shimcha qildi Sobyanin. “Voqeani o‘z gadjetiga yozib olgandan keyin uni qo‘yib yubora olmaydi: agar unda qizil chiroq yonsa, demak migrant qidiruvda, qolish muddatidan oshib ketgan, migratsiya rejimi buzilgan”, — dedi u.

Bundan tashqari, 2025-yildan boshlab eksperiment doirasida Moskva aeroportlarida barcha xorijliklar, jumladan, RFga kirish vizasiga muhtoj bo‘lmaganlar uchun biometrik nazorat joriy etiladi.

“Moskvaga kelgach, vizasiz mamlakatlar fuqarolari biometrik nazoratdan o‘tadi — suratga olish, barmoq izlari. Shu maqsadda bunday eksperiment o‘tkazish imkoniyati to‘g‘risida federal qonun qabul qilindi”, — deya aniqlik kiritdi Sobyanin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “jinoyatlarni fosh qilishning yangi bosqichiga chiqish” imkonini beradi.

  • Sentabrda RF Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin mehnat muhojirlariga o‘z oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.
  • Moskvadagi “Krokus siti holl"da 140 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yana 500 dan ortig‘i jarohatlangan teraktdan so‘ng Rossiya hukumati migrantlarga qarshi ritorikasini kuchaytira boshladi. ISHID-Xuroson (ISHID-K) hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu ishda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlar gumonlanmoqda.