Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Mo‘g‘uliston qamoqqa olish orderi amal qilayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni o‘z hududida hibsga olmagani ortidan Rim statutini buzganini ma’lum qildi.
“Mo‘g‘uliston Putinni hibsga olish va uni sudga berishdan bosh tortgan holda “Rim statuti qoidalariga zid ravishda sud bilan hamkorlik qilish haqidagi so‘rovni bajarmagan”, — deyiladi bayonotda.
Ishtirokchi davlatlar va sud yurisdiksiyasini tan oluvchi davlatlar order berilgan shaxslarni, ularning rasmiy mavqei yoki fuqaroligidan qat’i nazar, hibsga olishi va ushlab berishi shart.
Mo‘g‘uliston “sudning o‘z funksiya va vakolatlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qildi”, deya ta’kidladi XJS. Shu sababli XJSga a’zo davlatlar assambleyasi bu voqeaga baho berishi aytiladi.
Putin 2024-yil 2−3-sentabr kunlari Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurgandi. Bu uning 2023-yil bahorida uni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoyat sudi yurisdiksiyasini tan olgan mamlakatga ilk bor tashrifi bo‘lgan. Mo‘g‘uliston betaraflik siyosatiga sodiqligini va qo‘shni davlatlarga energetik jihatdan qaram ekanini aytib, Putinni hibsga olmagan.
“Meduza”ning yozishicha, assambleya Mo‘g‘ulistonning o‘z majburiyatlarini bajarmaslik qarorini qoralashi mumkin, ammo Rim statuti qoidalarga amal qilmagan mamlakat uchun hech qanday sanksiyalarni nazarda tutmaydi.