Adliya organlarida joriy qilingan elektron tizimlar sababli 2024-yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 tonna ofis qog‘ozi tejaldi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati 25-oktabr — “Qog‘ozsiz bir kun” respublika ekoaksiyasi kunida.

Vazirlikning hisoblashicha, agar shu qog‘ozlar yerga bir qavatdan qo‘yib chiqilsa, taxminan 160 ming kvadrat metr maydonni, ya’ni 22 ta futbol maydoni yoki 127 ta olimpiya basseynini egallaydi.

O‘rtacha hisobda 1 tonna ofis qog‘ozini ishlab chiqarish uchun daraxt turi va ishlab chiqarish texnologiyasiga qarab 17−20 ta daraxt kerak bo‘lishi mumkin. “Shu sababli 12,7 tonna ofis qog‘ozini tejash orqali taxminan 240 ta daraxtni saqlab qolishga erishildi”, — deyiladi xabarda.

“Adliya”ning ta’kidlashicha, qog‘ozdan foydalanishni qisqartirish va undan voz kechish xarajatlarni, tabiiy resurslarga bo‘lgan yuklamani, jumladan, suv va elektr energiyasi iste’molini kamaytirish hamda chiqindilar miqdorini qisqartirishga yordam beradi. Bu amaliyot davlat organlari faoliyatini barqaror, iqtisodiy samarali va ekologik xavfsiz qilishga qaratilgan, deb yozdi vazirlik.

U ofisda qog‘oz sarfini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi:

  • raqamli texnologiyalarga o‘tish: hujjatlarni chop etish o‘rniga elektron xatlar jo‘natish;
  • oqilona chop etish: faqat zarur bo‘lganda bosish, ikki tomonlama chop etishdan foydalanish;
  • qayta ishlangan qog‘ozdan foydalanish: ekologik toza qog‘oz mahsulotlarini tanlash;
  • fayllarni onlayn ulashish: bulutli saqlash xizmatlari va hamkorlikda ishlash vositalaridan foydalanish.