SpaceX kompaniyasi O‘zbekiston milliy kosmik dasturini ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini taqdim etadi. Bu haqda “O‘zbekkosmos” axborot xizmati xabar berdi.
Agentlik jamoasi 14−18-oktabr kunlari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro astronavtika kongressida ishtirok etgan. Tadbir “Barqaror rivojlanish uchun mas’uliyatli makon” mavzusi ostida o‘tkazilgan.
O‘zbekiston tomoni tadbir davomida Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Intersputnik xalqaro tashkiloti va shu kabi qator yirik xorijiy agentliklar rahbarlari bilan 30 dan ziyod uchrashuv o‘tkazdi, deyiladi xabarda.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonning yerni masofadan zondlash milliy kosmik tizimini yaratish, uning kosmik va yerusti segmentlarining texnik jihatlarini ishlab chiqish va kosmik apparatlarni uchirish kabi masalalar muhokama qilingan.
Ta’kidlanishicha, “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari Ozarbayjon kosmik agentligi bilan yerni masofadan zondlash milliy kosmik tizimini yaratish bo‘yicha muhim tavsiyalar va o‘zaro takliflarni o‘rgangan. AQShning SpaceX va Buyuk Britaniyaning Surrey Satellite Technology kompaniyalari O‘zbekistonning milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini berishga tayyor ekanini bildirgan.
Shuningdek, Yaponiyaning Kyushu texnologik instituti vakillari bilan aerokosmik muhandislik yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha dastlabki o‘quv dasturini amalga oshirishga kelishilgan.