Buyuk Britaniya 2025-yil 1-iyundan bir martalik veyplarni sotishni taqiqlaydi, deb xabar qildi mamlakat hukumati matbuot xizmati.

Taqiqning kiritilishi jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 69 foizi bir martalik veyplarni sotishni cheklash tarafdori bo‘lgan.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Endryu Guinn bolalar orasida veyplar ommalashayotganidan xavotir bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq o‘smirlar orasida veyplarning jozibadorligini kamaytiradi.

“O‘tgan yili 11−15 yoshdagi o‘smirlarning to‘rtdan bir qismi veypdan foydalangani chuqur tashvish uyg‘otadi va biz bilamizki, bugungi kunda ko‘pchilik bolalar bir martalik qurilmalardan foydalanishni afzal ko‘rishadi”, — dedi britaniyalik amaldor.

Ta’kidlanishicha, taqiq “bir martalik milliy madaniyat” va axlat uyumlariga barham berishga intilishning bir qismidir.

2024-yil yanvar oyida hukumat mamlakatda bir martalik veyplarni iste’mol qiluvchi bolalar soni uch baravar ko‘payishi fonida ularni sotishni taqiqlashni rejalashtirgandi.

O‘tgan yilning oktabr oyida Britaniya hukumati “chekmaydigan avlod”ni yaratish maqsadida Angliyada 2008-yildan keyin tug‘ilganlarga tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlashni ham reja qilgandi. Bu 2040-yilga borib yoshlar orasida chekishni deyarli tamomila to‘xtatish imkonini berishi ta’kidlangan.