Yandex Uzbekistan Express24 bilan O‘zbekistonda oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha yagona texnologik platformani yaratish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Bitim summasi ma’lum qilinmagan.

Bu bilan Yandex Go va Express24 xizmatlarining afzalliklari birlashtiriladi. Buning uchun Yandex Express24 aktivlarining bir qismini sotib oladi, bitim yaqin kunlarda yakunlanadi. Express24 ilovasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Bitim yakunlanganidan so‘ng Yandex Go`dagi Eats va Express24 xizmatlari yagona texnologik platformaga o‘tadi. Natijada buyurtmalar soni ortib, kurerlar ko‘proq yetkazib berish xizmatlarini amalga oshirish va ko‘proq daromad olish imkoniga ega bo‘ladilar, deyiladi xabarda.

“Foydalanuvchilar esa buyurtmalarini tezroq olishadi va ular uchun restoranlar tanlovi kengayadi. Express24`ning hamkor restoranlari o‘z yetkazib berish hududini kengaytirib, yangi platformaning targ‘ib qilish vositalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Express24 — tayyor taomlar, do‘konlardan tovarlar va bozorlardan mahsulotlarni yetkazib berish xizmati. Xizmat Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyidan boshlab Yandex Uzbekistan`ga Newmax Technologies kompaniyasining sobiq direktori Izzat Shukurov rahbarlik qila бошлади. U avvalgi lavozimda O‘zbekistonda Maxtrack transport boshqaruvi tizimi, Workly ish vaqtini nazorat qilish tizimi, MyTaxi birinchi taksi agregatori va Express24 oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirishga ko‘maklashgan edi.