Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan Yangi Toshkent shahri qurilishiga 110,4 gektar yer maydoni o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Qarori bilan Yuqori Chirchiq tumanidan davlat zaxirasiga qaytarilgan hamda toifasi o‘zgartirilgan 110,4 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga ajratib berildi.
Bunda tumanning “O‘zbekiston”, “Guliston”, “Istiqlol” mahallalaridagi hududlar Yangi Toshkent shahri hududiga o‘tkazilmoqda.
Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan mazkur yer maydonlarini belgilangan tartibda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari amalga oshirishi belgilandi.
2021-yil 31-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent barpo etilishi, poytaxt esa “yashil hudud” ga aylantirilishi haqida ma’lum qilgandi.
2023-yil mart oyida esa poytaxtdagi davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chirilishi, shuningdek, loyiha doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 mln aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratilishi bildirilgan. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Yangi Toshkentda “eski” Toshkent bilan bog‘langan tramvay va metroning yagona tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan. “Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib borish mumkin… Avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmaydi” , — degandi o‘shanda qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov.